Prezident yangi saylangan mahalla raislarini tabrikladi
Prezident raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yil yakuniga qadar rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
– Xabaringiz bor, o‘tgan ikki hafta davomida respublikaning barcha mahallalarida saylov o‘tkazilib, 9 ming 349 nafar mahalla raislari saylandi. Ushbu oqsoqollarni xalqimiz, birinchi galda, mahalla aholisi o‘ziga munosib ko‘rib, ishonch bildirgani bilan tabriklayman. Bir narsani aniq tushunish lozim. Mahalla raisi bo‘lish bu – juda katta mas’uliyat.
Mahalla raislari xalqimizni rozi qilishda, islohotlar har bir xonadonga kirib borishida hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari va profilaktika inspektorlari boshini qovushtirib, xonadonbay muammolarni o‘rganib, hokimlar oldiga aniq masalalar qo‘yib, mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga mas’ul va javobgar bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Bugun xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan aniq masalalar ham eng avvalo mahalladan boshlanishi, bir so‘z bilan aytganda, mahalla xizmatlar va servis markaziga aylanishi shartligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida hududlar rahbarlari va mutasaddilar axborot berdi.
O‘zA