Prezident sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Toshkent viloyati Piskent tumanida bo‘lajak saylovni siyosiy-huquqiy va tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Fuqarolarning saylov orqali davlat boshqaruvida o‘zining ovozi, siyosiy irodasi bilan bevosita ishtirok etishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi Toshkent viloyati 10-okrug saylov komissiyasining qaroriga muvofiq Piskent tumanida 31 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.
O‘tgan vaqt davomida uchastka saylov komissiyalari a’zolarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tumanda o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Xususan, 5-umumta’lim maktabida joylashgan 527-saylov uchastkasida jarayon ishtirokchilari uchun 10 kunlik navbatdagi seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Unda Texnika universiteti katta o‘qituvchisi U.Toshtemirov uchastka saylov komissiyalari a’zolarini siyosiy savodxonligini oshirish, kompyuter texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib bordi.

– Ushbu saylov uchastkalarida jami 61 ming 628 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning o‘z siyosiy irodasini namoyon qilib, saylovda ishtirok etishiga imkoniyat yaratilgan, – deydi Piskent tumani hokimining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Ulug‘bek Xonxo‘jayev. – Uchastka saylov komissiyalarining 403 nafar a’zosi saylov qonunchiligi va saylovda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari tashkil etilib, malakasi oshirildi. Saylov uchastkalarining jarayonga tayyorgarligi, moddiy texnik jihatlari nazoratga olingan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining Prezident saylovini o‘tkazishda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha maxsus yo‘riqnomasi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, haroratni o‘lchash uchun termometr, pirometr, himoya niqobi, bir martalik tibbiy qo‘lqop (saylov komissiyasi a’zolari uchun), antiseptik suyuqlik (sanitayzer) kabi himoya va profilaktika vositalaridan foydalanishlari talab etiladi. Uchastka saylov komissiyalari a’zolari ish faoliyatini amalga oshirishida shaxsiy himoya vositalari (himoya niqobi, antiseptik vositalar)dan foydalanishi ta’minlanadi. Saylov kuni ovoz berish boshlanishidan kamida 6 soat oldin barcha uchastka saylov komissiyalarining ovoz berish binolari va xonalari dezinfeksiya qilinadi.

Saylovda ishtirok etish har bir fuqaroning konstitutsion huquqidir. Davlat hokimiyatini ochiq va oshkora, muqobillik asosida o‘tadigan bu kabi siyosiy tadbirlar orqali shakllantirish esa demokratiyaning oliy ko‘rinishidir.
A.Musayev, O‘zA