Prezident saylovida xotin-qizlar faol qatnashadi
Poytaxtimizda O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Prezident saylovida xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash masalalari” mavzuidagi o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Onlayn va offlayn tarzda o‘tgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari Toshkent shahar (tuman) Kengashlari deputatlari, partiya hududiy kengashlari bo‘lim mudirlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari rahbarlari, faollar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida o‘tkazish uchun saylov jarayoni ishtirokchilarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga yangicha yondashish zarurligi qayd etildi.

Saylov huquqi va saylov jarayonining tashkiliy-huquqiy asoslari, saylovlarni yuqori saviyada o‘tkazish jarayoni va uning o‘ziga xos xususiyatlari, saylov jarayonlarida ayollarning faol ishtirokini ta’minlash, ularning huquqiy bilim va savodxonligini oshirish kabi masalalar bo‘yicha taqdimot va ma’ruzalar hamda muhokamalar o‘tkazildi.

Xususan, O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” qator partiyaviy loyihalar orqali xotin-qizlarning o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishi, ish bilan bandligini ta’minlash, tajribali ishbilarmon ayollar ko‘magida bepul kasb-hunarlarga o‘qitish, muntazam bepul tibbiy ko‘riklarning tashkil qilishda amaliy natijalarni ko‘rsatib kelmoqda.
Birgina “O‘zLiDeP ayollari – Yangi O‘zbekiston bunyodkori!” loyihasi doirasida har bir mahalla qoshida shu kunga qadar 605 ta “O‘zLiDeP faoli – islohotlar targ‘ibotchisi!” klublari tashkil etildi. Ularda 3095 nafar klub a’zosi o‘z faoliyatini boshladi. “Sog‘lom oila – mustahkam oila” loyihasi doirasida 117 ta bepul tibbiy ko‘riklarda 7800 nafardan ortiq xotin-qiz va bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

–“Ayollar qanoti”ning “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida joriy yilda 264 ta tadbir tashkil etilib, ularda 7709 nafar ishtirokchi qatnashdi, –dedi O’zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi rais o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jayeva. Shulardan 384 nafariga 4 milliard 219 million so‘m miqdorida kreditlar olib berilishiga ko‘maklashilgan. Buning natijasida mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi. Shuningdek, partiya “Ayollar qanoti” tomonidan “Bir deputat –yuz ayolga ko‘makchi!” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha davomida O’zLiDeP dan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 53 nafar, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga 2280 nafar saylangan har bir deputat tomonidan 100 nafar xotin-qizlarni ishga joylashtirishda, tadbirkorlikni o‘rgatishda, kredit olishda, sog‘ligini tiklashda, huquqiy maslahatlar berishda, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda amaliy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda.
Tadbirda partiya “Ayollar qanoti”ning bu kabi amaliy ishlari bu yilgi bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida xotin-qizlarning ishonchini qozonishda, saylovlarda ularning ko‘tarinki ruhda ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida saylov jarayoniga O’zLiDeP nomidan ishtirok etadigan kuzatuvchilar va vakolatli vakillar, volontyorlar samarali faoliyat yuritishi uchun zarur o‘quv-uslubiy va targ‘ibot materiallari barcha ishtirokchilarga tarqatildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA