Prezident saylovi: muhim bosqichlar
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi 2-qismiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yil oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligi birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Joriy yilda o‘tkaziladigan saylov taqvim bo‘yicha 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Shunga ko‘ra, 22 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boshlandi. Saylovning boshlanishi, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq, nafaqat Markaziy saylov komissiyasi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan barcha siyosiy partiyalarga ham muayyan vazifalar yuklaydi.
Amaldagi huquqiy me’yorlarga asosan partiyalarning Siyosiy yoki Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mitasi majlisi chaqiriladi va unda siyosiy kuchlarning Prezident saylovidagi ishtiroki haqidagi masalani ko‘rib chiqish uchun Siyosiy yoki Markaziy Kengash yig‘ilishlarini chaqirish va plenum o‘tkazish vaqti, kun tartibi; saylovga oid asosiy tadbirlarning kalendar rejasi; partiyalarning saylovoldi shtabini tuzish; Prezident saylovi bo‘yicha partiyalarning vakolatli vakilini belgilash kabi masalalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilinadi.
Ma’lumki, Saylov kodeksining 62-moddasiga muvofiq siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli, saylovda ishtirok etish bo‘yicha qaror qabul qilgan siyosiy partiyalar, partiyaning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani so‘rab Adliya vazirligiga murojaat qiladi.
Shuningdek, siyosiy partiyalar Ijroiya qo‘mita qaroriga muvofiq Siyosiy yoki Markaziy kengashlarining plenumlarini chaqiradi. Plenumda partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatiladigan nomzod to‘g‘risidagi; partiyaning S’ezd yoki Qurultoyini chaqirish vaqti, joyi va uning kun tartibi to‘g‘risidagi; S’ezd yoki Qurultoyga delegatlar saylash maqsadida partiyaning hududiy va tuman, shahar konferensiyalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi; hududiy partiya tashkilotlaridan saylanadigan delegatlarning miqdori va tarkibi to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilinishi lozim bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida (16 avgust) Markaziy saylov komissiyasiga saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan arizani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.
Ushbu hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasi qabul qilib olgach, siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beriladi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ko‘rib chiqilgach, besh kunlik muddat ichida, ya’ni saylovga 65 kun qolgunga (20 avgustga) qadar partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risidagi masala yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qiladi va lozim topilganda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi. Shundan keyin, saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi.
O‘z navbatida siyosiy partiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzodni qo‘llab-quvvatlovchilarning imzolarini to‘plash ishlarini tashkil etadi va bu boradagi qonunchilik me’yorlari buzilmasligi uchun tegishli chora-tadbirlarni belgilab oladi. Siyosiy partiyalar uzog‘i bilan saylovga 50 kun qolgunga (28 sentyabrga) qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzodni qo‘llab-quvvatlovchilar imzolarini to‘plashni tashkil etishlari lozim bo‘ladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli. Bunda saylovchi o‘z familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini (yoshi o‘n sakkizda bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda tug‘ilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek, imzo qo‘yilgan sanani ko‘rsatadi. Mazkur ma’lumotlar qo‘lda yozib kiritiladi. Imzo varaqasiga o‘z imzosini qo‘yadigan saylovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar saylovchining iltimosiga ko‘ra imzo to‘plashni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan kiritilishi ham mumkin.
Yana shuni e’tiborga olish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha siyosiy partiya o‘zining vakolatli vakili ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini olganidan keyingina saylovchilarning imzosini to‘plashga haqli. Bu sanaga qadar to‘plangan imzolar hisobga olinmaydi.
Qonun hujjatlariga muvofiq imzo varaqasi imzoni to‘plagan shaxs tomonidan o‘z familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan holda imzolanadi, shuningdek, tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi.
Bu borada yaratilgan qulayliklardan yana biri saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshirilishi mumkin. Ammo, shuni unutmaslik lozimki, imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o‘ziga og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
To‘ldirilgan imzo varaqalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida qilib tikilgan holda siyosiy partiyaning vakolatli vakili tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga topshiriladi. Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Tekshirish uchun saylovchilarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng nisbatda tanlab olinadi.
Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspertlar guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.
Ekspertlar tomonidan o‘rganish jarayonida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan ko‘prog‘ida qonun buzilgan holatlar aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi. Mabodo, qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz bo‘lib chiqsa, mazkur imzo varaqalari to‘lig‘icha haqiqiy emas, deb topiladi va Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni rad etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning oliy organlari (S’ezd, Qurultoy) tomonidan amalga oshiriladi. Va bu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi talablariga muvofiq saylovga oltmish besh kun qolganida (20 avgust) boshlanadi va qirq besh kun qolganida (9 sentyabr) tugaydi. Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o‘z partiyasi a’zolari orasidan yoki partiyasizni nomzod etib ko‘rsatishga vakolatli bo‘lib, faqat bitta nomzod ko‘rsatish huquqiga ega.
Siyosiy partiyalarning S’ezdi yoki Qurultoyida siyosiy partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi; O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi.
Siyosiy partiyalar yuqoridagi muddatlarga rioya qilgan holda Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni ro‘yxatga olish uchun to‘rtta hujjat taqdim etadi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod to‘g‘risidagi S’ezd yoki Qurultoy qarori; bu haqda partiya oliy organining bayonnomasi; Nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi, Nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari. Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodga oid qonunchilikda belgilangan hujjatlarni qabul qilib olgach, bu haqda siyosiy partiyaga belgilangan tartibda ma’lumotnoma beradi.
Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi. Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashg‘ulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi. Nomzodlar saylov jarayonida teng huquqlilikdan foydalanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod o‘n besh nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli. Ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, saylash uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ularga tegishli guvohnomalar beriladi.
Shu tariqa saylovning eng muhim shartlaridan biri – saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi va ovoz berishga bir kun qolganida to‘xtatiladi. Ya’ni joriy saylovlar bo‘yicha 23 oktyabr kuni saylovoldi tashviqoti mamlakatimizning biron-bir joyida o‘tkazilmaydi.
Saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoqlab ovoz berishga chorlaydigan faoliyat bo‘lib, siyosiy partiyalar va nomzodlar uchun saylovchilarni o‘ziga og‘dirishning qonuniy vositasi hisoblanadi. Saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish, noto‘g‘ri axborotni, shuningdek, nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
Siyosiy partiyalar har bir saylov uchastkasiga qo‘yiladigan kuzatuvchi va vakolatli vakillarni shakllantirib, saylovga 10 kun qolgunga (14 oktyabrga) qadar Okrug saylov komissiyalaridan ularni ro‘yxatga olishni so‘rab murojaat qiladi. Okrug saylov komissiyalari tomonidan saylovga 5 kun qolgunga qadar (19 oktyabrgacha) kuzatuvchilar va vakolatli vakillar uchun mandatlar beriladi.
Saylov kuni kuzatuvchilar hamda vakolatli vakillar ishtirokini to‘liq va yuqori saviyada ta’minlash, partiya tomonidan ishtirok etuvchilarning siyosiy faolligini namoyon etish har bir ishtirokchi partiyaning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Siyosiy partiyalarning O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga to‘liq rioya qilgan holda Prezidentlik saylovida ishtirok etishi mamlakatning xalqaro nufuzini yanada oshirish uchun xizmat qiladi. Zero, qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha yerda adolat va taraqqiyot bo‘ladi.
Abdukamol Raxmonov,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari.