“Prezident qo‘ygan marralarga albatta yetamiz!” (+video)
“Yaxshi niyat, ish yuritishda halollik, xolislik va astoydil mehnat xotirjam va farovon hayot asosi”. Bu gaplarni biron-bir allomai davron qoldirgan kitoblardan olmadik. Yozyovon tumanidagi “Me’zon” fermer xo‘jaligi rahbari Vohidjon Obidovning kundalik hayotiy shiori bu.
Vohidjon qishloq farzandi. Avlod- ajdodlari ham dehqonchilik qilib kun ko‘rishgan. Ammo u yer bilan ishlashda ilmga intildi, ilmiy xulosa, tavsiyalarga asoslandi.
“Me’zon” fermer xo‘jaligida jami 130 gektar yer bor. 2024 yilda 57 gektarda g‘alla, 73 gektarda esa paxta yetishtirdi.

G‘alla maydonlarida boshoqlar dengiz to‘lqini misol bosh chayqardi hosil mo‘lligidan.
– Davr, Asr, Behi, Vassa kabi navlarni ekyapmiz. Dastlab har gektardan 50 sentnerdan hosil olgan bo‘lsak, dehqonchilikda ilmni qo‘llaganimizdan so‘ng 60-70, 80 sentnergacha chiqdik, – deydi fermer.
E’tibor bering, hatto 90, 95 sentnerdan hosil olingan dalalar bo‘ldi. Qolaversa, ular urug‘lik edi. Boshoqni qo‘lga olsangiz, tosh bosayotganini sezasiz.

Mana bu maydonlardagi shu yil paxtani terib olgach sochilgan urug‘lar bir tekis unib chiqqan. Ekishdan avval har gektariga 300 kg.dan ammafos solishdi. Yaqinda esa 100 kg.dan selitra solib sug‘organ edilar.
– Ochiq maydonga ekilganligi hisobiga hosildorlik yildan- yilga oshib bormoqda. Bug‘doyni 1-10 oktyabr oralig‘ida ekdik. Hozirgacha har donasi 7-8 tadan bo‘lib chayladi, – deydi Vohidjon. – Sovuq kuchayganidan keyin ko‘chatlar dam ola boshladi.
Markaziy Farg‘ona cho‘llari harorati atrofga qaraganda hamisha 2-3 daraja yozda issiq, qishda sovuq bo‘ladi.

Vohidjon bug‘doy unib chiqqan ko‘chatlarni diqqat bilan ko‘zdan kechiradi.
– Ustki qismi sovuqdan sarg‘aygan, erta bahordan yana amalga kirganida ostidan yangi nishona chiqaradi. Qolaversa, yer ham muzlagan, hammasi joyida, – deydi fermer.
Biz “Me’zon” fermer xo‘jaligining deyarli barcha maydonlari bilan tanishib chiqdik. Yo‘l chetlari, ichki ariqlar, obodonchilik, hamma-hammasi havas qilgudek. Dehqonchilik madaniyati uning e’tiqodi, g‘oyalari, amali kabi yuksak.

Haydovdan chiqqan maydonlarning biri yonida to‘xtadik. Yer shu qadar mohirlik bilan haydalganki, chuqurligi barcha yerda birdek – 45-50 santimetr, tuproq ag‘darilishi bir tekis.
– Yozyovonda mirishkor dehqonlar bor. Ular bilan hamisha maslahatlashib ish tutaman. Ular yerni albatta kuzda haydash lozimligini uqtirishadi. Bu maslahatlarga rioya qilib bir gektarga 200 kilodan ammafost sochib keyin haydadik. Endi ertagayoq pol olamiz va qishki chilla suvini quyamiz.
Vohidjon kamtarlik bilan aytdi bu gaplarni. Aslida nainki Yozyovon, butun Farg‘ona dehqonlari undan maslaxat olgani keladi.

U dehqonchilikda ilmga urg‘u beradi, degandik. Mana, uch yildirki, Xitoyning “Tian Ye Agro” kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi. Chigit ekishdan to unib chiqib, nihollari maydonni egallaguncha, paxta ko‘chatlari hosil tugib bo‘y ko‘rsatguncha, va nihoyat terim davrida ham xitoylik mutaxassislar bilan maslahatlashadi. Har doim qo‘lida u yoki bu asbob. Goh yer namligini o‘lchasa, goh har metrda nechta ko‘chat, nechta ko‘sak borligini sanaydi. Pirovard natijada paxta maydonlari oq dengiz kabi tus oldi. Hosil mo‘lligidan shoxlar boshini egdi.
– Ayrim maydonlardan 70 sentnergacha hosil ko‘tardik. O‘rtacha hosildorlik 65 sentnerni tashkil etdi. Prezidentimiz to‘g‘ri tavsiya bergan ekanlar. Shinjon texnologiyasi yuqori hosil olish mumkin bo‘lgan usul ekan, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari. – Har bir gektarda 260 mingtagacha ko‘chat yetishtirdik. Har tupda kamida 18 tagacha ko‘sak ochilib hosil berdi. Bu usulning yana bir qulay tomoni shunda ekanki, kam harajat qilib katta daromad olish mumkin ekan. Shinjon usulidagi plyonka ostiga tomchilatib sug‘orish usulida ekilgan chigitlar unib chiqqach kultivatsiya qilinmaydi, chekanka shart emas, yagonalanmaydi. Ekilganidan so‘ng dalaga texnikadan boshqa ishlov berish uchun dehqon kirmaydi. Shunday usulni qo‘llaganimiz uchun yuqori natijalarga erishdik.

“Me’zon” fermer xo‘jaligi 2024 yilda 12 ish kunida 73 gektardan o‘rtacha 60 sentnerdan yuqori hosil yig‘ib oldi. Bu o‘rtacha hosildorlik. Paxtani esa omborlardan birini ijaraga olib saqlab qo‘ydi. Endi davolskiy, ya’ni tegirmonchiga haq to‘lash usulida uning tolasini ajratib sotmoqchi, chigitini esa... Vohidjon amalga oshirayotgan g‘oyani tushunayotgandirsiz? Ha, u klasterga sotmaydi hosilni, o‘zi qayta ishlab chiqarishga bermoqchi. Maqsadi esa fermer xo‘jaligi daromadini oshirish.
– 2024 yilda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tashabbusi bilan paxta terish mashinalari keldi. Hosilni ular orqali terish uchun 76 sxemada qo‘shqator va yakka qator qilib ekdik, – deydi fermer bugun tarixga aylangan suratlarni ko‘rsatib.
Ha, “Me’zon” Farg‘ona viloyatida yuz foiz paxta xosilini mashinada terib olgan kam sonli fermer xo‘jaliklaridan biri edi. Buning uchun u yillab tayyorgarlik ko‘rdi. Har bir maydonining eng kichigi 13 gektarli. Kattasi esa 38 gektar. Mashinada paxta terish uchun ularni 50-60 gektargacha yetkazishni rejalaganman, deydi fermer.
– Biz 2024 yilda Shinjondan paxtaning sara urug‘larini olib keldik, – deydi “Tian Ye Agro” kompaniyasi rahbari Li Gio Doint. – Paxta hosili asosan ko‘chatning o‘rta va yuqori bo‘g‘inlarida, ya’ni mashinabop qilib yetishtirilgan. Chanoqlarda hosil bo‘liq. Bittasi 7,4 grammgacha tosh bosadi. Ularni bir terimdayoq yig‘ib oldik.

Darvoqe, “Me’zon”ning daromadi haqida so‘ramadik. Vohidjon uni hamisha qo‘l ostidagi ishchilari bilan bo‘lishadi. Kimgadir uy qurishda, kimningdir oila a’zosini davolatishda u yelkadosh. Shu kunlarda esa “Me’zon” fermer xo‘jaligining 15 nafar a’zosi Saudiya Arabistonida 2024 yil daromadi hisobidan bepul Umra ziyoratini ado etyapti.
Vohidjon goh traktorchi, goh kombaynchi, yer haydaydi, dori sepadi. Unda barcha texnik vositalar bor. Yana bir sirni ochiqlaylik: paxtani yig‘ib- terib olgach, g‘o‘zapoyasini olmaydi, o‘sha zahotiyoq maxsus texnikada maydalatib yerga sochib yuboradi. Uning chirindisida fosfor, ammafos elementlari bor. Shuning uchun yer haydalganida ostida qolib tuproqqa quvvat beradi. Shuning uchun ham mineral o‘g‘itga ro‘jo‘ qo‘ymagan.
– 800 kilogrammdan o‘g‘it soldik, xolos. Ammafos, kabomid, sulfatamon, kaliy soldik. Tepasidan esa subsenziya bilan ishlov berdik. O‘zbekiston yerlari oltinga teng. Xitoyda ko‘rib tajriba almashib keldik, xudo xoxlasa ,2025 yilda yuz foiz Shinjon usulida plyonka ostiga tomchilatib sug‘orishni qo‘llab chigit ekamiz. 80, 90 va 100 sentnergacha hosil olishga harakat qilamiz, deydi u.

Yaxshi niyat qilgan yetar murodga, dermidilar?
Vohidjon Prezident aytgan marralarni ko‘zlayapti. Hech shubha yo‘q, shunday kunlar keladi hali.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/iVF8h8gNbig" title="“Prezident qoʻygan marralarga albatta yetamiz!”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA muxbirlari