Prezident qarorining mazmun-mohiyati tushuntirildi
Zomin tumani hokimligi kichik majlislar zalida Prezidentimizning joriy yil 7 sentyabrdagi “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va ijrosi yuzasidan Yaponiya tajribasi asosida tumandagi tadbirkorlik sub’ektlarini o‘qitish maqsadida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur o‘quv-seminarda 30 dan ortiq mahalliy tadbirkor bilan birga tumandagi mutasaddi tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.
Kichik biznesga ko‘maklashish markazi rahbari N.Hamroqulov dastlab Prezidentimiz qarorining mazmun va mohiyati haqida yig‘ilganlarga atroflicha tushunchalar berdi, ushbu hujjatda belgilangan topshiriqlar hamda Yaponiya davlati tajribasi asosida tadbirkorlarga ko‘nikmalar berish va o‘qitish dasturi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar to‘g‘risida bir qator kerakli tavsiya va maslahatlarini bildirdi.

Prezident qaroriga ko‘ra, bitta loyiha doirasida 300 million so‘mgacha mikrokreditlar, shundan 100 million so‘m garovsiz qismini “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ mablag‘lari hisobidan, 200 million so‘mgacha qismini banklar va mikromoliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan ajratilishi ta’kidlangan.

Shuningdek, garovsiz ajratilgan 100 million so‘m doirasida mikrokreditlar bo‘yicha kredit tavakkalchiligini davlat va mikrokredit beruvchilar o‘rtasida taqsimlash yoki ular bo‘yicha kompaniyaning portfel kafilligini taqdim etish, mikrokredit beruvchilar tomonidan ajratilgan 100 million so‘mgacha garovsiz mikrokreditlarni qayta moliyalashtirish tizimiga o‘tish ham qayd etib o‘tilgan.
Bu o‘zining kichik biznesini rivojlantirish maqsadida bo‘lgan tardbirkorlar va tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan hamyurtlarimiz uchun juda ham katta imkoniyatlar eshiklari ochilganidan dalolat beradi.

O‘quv-seminarda Savdo-sanoat palatasi Zomin tumani bo‘limi boshlig‘i D.Jo‘rayev ham aholini tadbirkorlikka keng jalb qilishni yanada jadallashtirish, tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni ta’minlash, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirish yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Ishtirokchilar Prezidentimizning mazkur qarori yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari