Prezident qarori ijrosi amalda va nazoratda
Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida yastanib yotgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan oqilona foydalanishni ta’minlash, biologik xilma-xillikni saqlash, baliqchilikni rivojlantirish, shuningdek, tabiiy suv havzalarida baliqlarni ko‘paytirish maqsadida so‘nggi yillarda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 fevraldagi “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori doirasida qanday ishlar amalga oshirilayotgani bilan yaqindan tanishish maqsadida Jizzax viloyati prokuraturasi bilan hamkorlikda xizmat safarida bo‘ldik.
Prezidentimizning 2022 yil 22 fevraldagi yuqorida nomi zikr etilgan qarori Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan samarali foydalanish, ekologik holatni yaxshilash, aholining baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, hududda hayvonot va o‘simlik dunyosi muhofazasini kuchaytirish, turizm salohiyatidan tizimli foydalanishni tashkil etish maqsadida qabul qilingan.
– Yurtboshimizning ushbu qarori ijrosi Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” davlat unitar korxonasi (DUK) – Suv xo‘jaligi vazirligi muassisligida “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” mas’uliyati cheklangan jamiyati (MCHJ) sifatida qayta tashkil etilgan, – deydi Jizzax viloyati prokuraturasi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini rivojlantirishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i Oybek Qosimov. – Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida joylashgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini belgilangan tartibda “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJga baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun doimiy ravishda tanho foydalanishga berildi. Mazkur MCHJning boshqaruv xodimlari tuzilmasi va nizomi tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Xizmat safari yo‘nalishimizni “Arnasoy” suv ombori tomon burdik. Darvoqe, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining “Arnasoy” suv ombori hududida bir yil muddatga baliq ovlashga ruxsat etilmaydi, chunki shuncha muddatga moratoriy e’lon qilingan bo‘lib, suv ombori hududida baliq ovlash qat’iyan taqiqlangan.
Prezidentimizning PQ–141-sonli qarori 5-bandi 2-xatboshiga muvofiq, “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” DUK hisobidagi kreditorlik qarzdorliklar Davlat soliq qo‘mitasining maxsus jamg‘armasi hisobidan to‘lanishi belgilangan bo‘lib, 26 milliard 700 million so‘m miqdordagi kreditor qarzdorligi to‘liq undirildi.
“Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” DUK balansidagi ma’muriy bino-inshootlar va mol-mulklar esa “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJ balansiga o‘tkazilishi belgilandi. Umumiy qiymati 30 milliard 39 million 700 ming so‘mlik ma’muriy bino-inshootlar va mol-mulklar O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasining 218-sonli buyrug‘iga asosan “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJ balansiga o‘tkazildi. Muqaddam “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” DUK bilan tuzilgan ijara shartnomalari 2022 yil 1 aprelida to‘liq bekor qilindi.

Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJni belgilangan tartibda investitsiya kiritish sharti bilan tanlov asosida noyob turdagi baliqlarni yetishtirish, suv havzalarini baliqlantirish, baliqni qayta ishlash texnologiyasi va tajribasiga ega mahalliy investorga ishonchli boshqaruviga o‘tkazilgan tanlovda “PRO FISH LINE” MCHJga berildi.

“Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJ ishonchli boshqaruviga berilgan “PRO FISH LINE” MCHJ tomonidan ko‘llar tizimining Tuzkon ko‘li hududida bugungi kunga kelib 20 tonna yoki 400 ming dona mahalliy baliq chovoqlari bilan baliqlantirildi. Mahalliy investor tomonidan ko‘llar tizimi hududida yashovchi ishsiz fuqarolarning 300 ga yaqini “PRO FISH LINE” MCHJga baliqchi sifatida ishga qabul qilindi va ularning bandligi ta’minlandi.

Mazkur qarorga asosan, Jizzax va Navoiy viloyatlari prokuraturalarida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini rivojlantirishda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi tashkil etilib, bugungi kunda mazkur bo‘lim tomonidan baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator amaliy ishlar bajarilmoqda.

– Muhtaram Prezidentimizning ushbu qaroriga muvofiq Bosh prokuror, Ichki ishlar vaziri, Milliy Gvardiya hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari qo‘mitalari rahbarlari tomonidan tasdiqlangan “2022–2027 yillarda Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimida qonun buzilishi holatlarini aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan o‘zaro hamkorlikdagi harakatlar Dasturi” ishlab chiqilib, ijrosi bo‘yicha baliq ovlash ta’qiqlangan davrda muntazam nazorat reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, Aydar – Arnasoy ko‘llar tizimi hududida noqonuniy ov qilish (brakonerlik) bilan bog‘liq holatlar joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida jami 205 noqonuniy baliq ovlash holati aniqlanib, 6 ming 628 kilogramm baliq 18 ming 100 metr to‘r, 12 elektr qarmoq, 61 qayiq va 30 boshqa inventarlar olib qo‘yilgan, jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan prokuratura organlari tomonidan 8 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, – deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Oybek Qosimov.

Darvoqe, 1 ta holatda suv ob’ektlarida qurilish ishlari va 4 ta holatda baliqchilikni rivojlantirish uchun davlat byudjeti va tijorat banklaridan ajratilgan kredit mablag‘larining talon-taroj qilinganligi aniqlangan.
Joriy yilning o‘tgan yarim yilligi davomida viloyat prokuraturasi organlari tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam va o‘tkazilgan tekshirish va tahlillarda aniqlangan qonun buzilish holatlarini qonuniy hal qilish choralari ko‘rilib, aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligi ta’minlanmoqda.
– Bulardan tashqari, amaldagi qonun talablariga zid bo‘lgan qaror va boshqa yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarni bekor qilish yoki qonun talabiga muvofiqlashtirish bo‘yicha 36 protest, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish borasida 16 taqdimnoma kiritildi. 11 nafar mansabdor shaxs qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida rasman ogohlantirildi, 15 nafar shaxs intizomiy va 11 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ko‘l hududidagi hamda sun’iy suv havzalari atrofida qurilgan noqonuniy qurilmalarni buzdirish bo‘yicha iqtisodiy sudlarga 10 da’vo ariza kiritildi. O‘tkazilgan nazorat tadbirlarimiz davomida 19 nafar jismoniy va 25 nafar yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishiga erishildi. Qo‘pol qonun buzilish holatlari bo‘yicha 11 jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, – deydi Oybek Qosimov.
Bularga qo‘shimcha ravishda yana shuni aytish mumkinki, noqonuniy baliq ovlash bo‘yicha 5 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, huquqbuzarlarga nisbatan qo‘llanilgan jarimaning 500 million so‘mdan ortig‘i davlat byudjeti hisobiga undirilgan.
Muxtasar qilib aytganda, Aydar -Arnasoy ko‘llari tizimida noqonuniy baliq ovlash holatlariga qarshi viloyat prokuraturasi samarali chora-tadbirlarni muntazam ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) O‘zA