Prezident qarori ijrosi amalda va nazoratda
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Prezidentimizning 2023 yil 20 yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda bosma va elektron nashrlarning o‘rni masalasi muhokama etildi.
Anjuman avvalida Jizzax viloyati IIB boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Furqat Jabborov mazkur qarorning mazmun va mohiyati hamda uni ommaga yetkazishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni xususida atroflicha axborot berdi.

Qayd etish joiz, qaror bilan ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlanib, har bir xodim ushbu kodeksda belgilangan qoida va talablarga amal qilishi, bu o‘z navbatida xizmat faoliyati samaradorligini oshirish bilan birga xizmat intizomini baholashning asosiy mezoni ekani ta’kidlandi. Shuningdek, tadbir davomida, ichki ishlar organlariga qabul, ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyati darajasini oshirish choralari xususida ham so‘z bordi.
– Davlatimiz rahbarining mazkur qaroriga muvofiq tasdiqlangan kodeksga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga asosan – ichki ishlar organlari xodimlarini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida davlatning yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, o‘z burchiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar vakili etib tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishishi, xizmat vazifalariga halol, vijdonan, Vatan va xalq oldidagi burchini chin dildan his etgan holda, yuksak mas’uliyat bilan yondashishi va jamiyatda umume’tirof etilgan odob-axloq normalariga so‘zsiz amal qilish tuyg‘usini shakllantirish ta’kidlangan, – deydi Jizzax viloyati IIB boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Furqat Jabborov. – Ushbu hujjatda tizim vakillarining xizmat faoliyati jarayonida sodir etilishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlari, suiiste’molchilik va korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish, huquq-tartibot tizimi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik aniq va lo‘nda qilib belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, kodeksdagi qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qo‘pol ravishda buzish xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan bo‘shatishgacha bo‘lgan intizomiy jazo chorasini qo‘llash uchun ham asos bo‘lishita’kidlandi.
– Prezidentimizning 2023 yil 20 yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi va uning shahar tuman bo‘limlarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashi tuzilib, huquq-tartibot idoralari keng ommaga ma’lum qilinadi, – deydi viloyat IIB Axborot xizmati guruhi yetakchi mutaxassisi, leytinant Baxtiyor Tog‘ayev. – Ushbu tuziladigan jamoatchilik kengashi a’zolari – ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Soha bo‘yicha ijtimoiy fikrni o‘rganish va tizimli monitoring olib borish, ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy fikr va jamiyat manfaatlari hisobga olinishini ta’minlash choralarini ko‘radi. Ichki ishlar organlari faoliyatidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlarni batafsil o‘rganish va uning natijasini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.

Jonli muloqot tarzida o‘tgan matbuot anjumanida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
A.QAYUMOV, O‘zA