"Prezident olimpiadasi": Og‘ir atletika musobaqasining ilk g‘oliblari aniqlandi
Shu kunlarda poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi majmualarida hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti maydonlarida “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining respublika final bosqich musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Kecha Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida og‘ir atletika bo‘yicha 13-14 yoshli sportchilar o‘rtasida dastlabki musobaqalar o‘tkazildi.
Ilk kungi bahslarda o‘g‘il bolalar 44 kilogrammda, yosh og‘ir atletikachi qizlar -36 kilo og‘irlikdagi musobaqalarda o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.

Og‘ir atletika bo‘yicha qizlar o‘rtasida -36 kg. vazn toifasining dast ko‘tarish bahslarida Qashqadaryo viloyati vakili Dilfuza Yo‘ldosheva g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlar navoiylik Sarvinoz Ashirbekova va xorazmlik Shabnamoy Mahmudovaga nasib etdi.
Musobaqaning siltab ko‘tarish musobaqalarida sovrinli o‘rinlar Shabnamoy Mahmudova, Dilfuza Yo‘ldosheva va Sarvinoz Ashirbekovaga tegishli bo‘ldi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida -44 kg. vazn toifasidagi kurashlarda samarqandlik Jonibek Xudoyberdiyev dast ko‘tarishda 1-o‘rinni, qashqadaryolik Navro‘zbek Rahmonqulov 2-o‘rinni, Toshkent viloyati vakili Diyorbek Mirzatillayev 3-o‘rinni egalladi. Siltab ko‘tarish mashqlarida esa Navro‘zbek Rahmonqulov va Diyorbek Mirzatillayev yetakchilikka erishgan vaziyatda surxondaryolik Jumanazar Xushvaqtov 3-o‘rin egasiga aylandi.

Birinchi kungi musobaqalar yakuniga ko‘ra, Qashqadaryo jamoasi 2 ta oltin medal bilan umumjamoada yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, 1 tadan oltin medalni qo‘lga kiritgan Xorazm va Samarqand jamoalari keyingi pog‘onalarni egallab turibdi.

Bugun, 28-oktabr kuni og‘ir atletika musobaqalarining ikkinchi kunida yosh sportchi qizlar -40 va -45 kiloda, o‘g‘il bolalar -50 va -55 kilogramm vazn toifasidagi bahslarda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Prezident olimpiadasi”ning og‘ir atletika bahslari 31-oktabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA