Prezident maktabiga kirish imtihonlari davom etmoqda
Bugun Prezident maktabiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi doirasida o‘tkazilayotgan test sinovlarining 2-kuni.
Bu jarayon Navoiy viloyatida ham uyushqoqlik bilan tashkil etilgan.
Navoiy shahridagi “Kimyogar” o‘yingohida tashkil etilgan imtihonlarda birinchi bosqich sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan 2 ming 880 nafar o‘quvchi ishtirok etmoqda. O‘quvchilar birinchi bosqichda matematika fanidan test topshirgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda ingliz tili va tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilimlarini sinovdan o‘tkazadi.

- Imtihon topshiruvchilar FaceID tizimidan o‘tkazilib, sinovda belgilangan tartiblar asosida qatnashmoqda, - deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bo‘lim boshlig‘i E’zoza Karimova.

- Test jarayonida tibbiy va boshqa xavfsizlik choralari ko‘rilib, karantin qoidalariga amal qilinmoqda. O‘quvchilar dezinfeksiya yo‘lagidan o‘tkazilib, tibbiy niqob va bosh kiyimi bilan ta’minlanmoqda. Test jarayonining adolatli va shaffof o‘tishini ta’milash uchun test o‘tkazilayotgan hududlarga to‘la kamera kuzatuvi o‘rnatilgan. Ota-onalar – test2021.uz sayti orqali imtihon jarayonlarini onlayn kuzatib borishlari mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, test jarayonlarining birinchi kunida 1-smenada ishtirok etishi rejalashtirilgan 960 nafar o‘quvchidan 11 nafari, 2-smenada esa 53 nafardan 36 nafar o‘quvchi ishtirok etmadi. Bugun test jarayonlari yakunlanadi.
Joriy yilda viloyatdagi Prezident maktabiga 5-10-sinflar uchun har bir sinfga 24 nafardan jami 144 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA