Prezident maktabi o‘quvchisi xalqaro universitetga qabul qilindi
Guliston shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sevara Turdiyeva xalqaro maydonda yana bir ulkan yutuqqa erishdi — u The Hong Kong University of Science and Technology (HKUST) universitetiga talabalikka qabul qilindi. Ushbu universitet dunyo universitetlari reytinglarida doimiy ravishda yuqori o‘rinlarda turib, so‘nggi yillarda 44-o‘rinni egallab kelmoqda.
Sevara Turdiyeva avval ushbu universitetga 1 yillik grant asosida qabul qilingan edi. Biroq o‘z bilim va salohiyatini a’lo darajada namoyon etgani natijasida, u keyingi bosqichda to‘liq moliyalashtiriladigan 4 yillik grantga ega bo‘ldi. Dastlab ushbu grant qiymati $60 000ni tashkil etgan bo‘lsa, endilikda uning umumiy qiymati $141 000ga yetdi. Mazkur grant doirasida oliy ta’lim kontrakti, yotoqxona to‘lovi hamda ta’lim jarayoni bilan bog‘liq barcha zarur xarajatlar universitet tomonidan to‘liq qoplanadi. Bu esa Sevara uchun xalqaro maydonda o‘z salohiyatini yanada rivojlantirish, fan olimpiadalari hamda ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etish uchun beqiyos imkoniyatdir.

– Men uchun bu qabul faqat shaxsiy yutuq emas, balki Prezident maktabining ta’lim va tarbiyasi samarasini xalqaro maydonda namoyon qilishdir. Bu universitetda mening maqsadim — faqat bilim olish emas, balki ilmiy izlanishlarda ishtirok etish, xalqaro tadqiqotlar va startap loyihalarda hissamni qo‘shish, shu orqali yurtimizning nomini jahon sahnasida yanada baland ko‘tarishdir, – dedi Sevara Turdiyeva.

The Hong Kong University of Science and Technology — injeneriya, iqtisodiyot va kompyuter fanlari sohalarida dunyo miqyosida yuqori nufuzga ega bo‘lgan ta’lim muassasasidir. Universitetda talabalarga ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalarda ishtirok etish imkoniyati keng taqdim etiladi, bu esa Sevara kabi iqtidorli yoshlar uchun xalqaro tajriba va bilim olishda benazir imkoniyatdir.

– Bunday yutuqdan nafaqat Sevaraning ota-onasi va yaqinlari, biz ustozlari ham xursand bo‘ldik. Maqsadimiz, Prezident maktabida Sevara kabi iqtidorli yoshlarni rivojlantirish va ularni xalqaro ta’lim maydoniga olib chiqish. Bu borada har bir ustoz o‘z ustida ishlab, o‘quvchilarning bilim va qobiliyatini, eng asosiysi iqtidorlarini namoyon etish ustida faoliyat olib bormoqda. Va ko‘rib turganingizdek, bu o‘z natijasini bermoqda, – dedi Guliston shahridagi Prezident maktabi direktorining o‘rinbosari, maktab maslahatchisi Madina Saparova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri