Prezident maktabi kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilindi
Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi Prezident maktabida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda “Kitob – beminnat ustoz” mavzusida ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi "Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.

Shu asosida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari, xalq shoiri Mahmud Toir ishtirok etdi.

Adabiy tadbirda shoirlar o‘z ijodidan she’rlar o‘qidi. Yoshlar uchun yaratilayotgan yangidan-yangi imtiyoz va imkoniyatlar ularning yuksak axloq va kuchli bilim sohibi bo‘lib yetishishida muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Maktab kutubxonasiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan badiiy adabiyotlardan tashkil topgan kitoblar jamlanmasi berildi.
A.Musayev,O‘zA.