Prezident ishonchiga munosib bo‘lamiz
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira darsi” Farg‘ona viloyati ta’lim muassasalarida ham yuksak saviyada o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira darsi” Farg‘ona viloyati ta’lim muassasalarida ham yuksak saviyada o‘tkazildi.Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, yurtimizni qaramlikdan ozod qilib, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini, dunyoda “O‘zbek modeli” deb keng e’tirof etilgan taraqqiyot yo‘lini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida o‘chmas va yorqin iz qoldirdi.
Xalqimiz tarixan qisqa muddat – 25-yilda erishgan barcha yutuq va marralarini haqli ravishda Prezident Islom Karimov nomi bilan bog‘laydi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, nimaniki o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha olijanob harakatlarimizning negizida, barcha ezgu niyatlarimizning zamirida farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassamdir.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim sohasida ulkan islohotlar amalga oshirildi. Birgina Farg‘ona viloyatida o‘tgan yillarda 13 maktab yangidan qurildi, 276 umumta’lim maktabi kapital rekonstruksiya qilindi, 600 dan ortig‘i kapital va joriy ta’mirlandi. Ko‘plab zamonaviy va muhtasham sport majmualari, bolalar musiqa va san’at maktablari bunyod etildi.
Prezident Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi "Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida 1-sinfdan boshlab chet tili o‘rgatila boshlandi. Buning uchun 2 mingdan ziyod sinf xonalari zamonaviy ta’mirlanib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi.
Prezident Islom Karimovning tashabbusi bilan mamlakatimizda 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng bayram qilinishi, ularning ijtimoiy mavqeini mustahkamlash va mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik maktabni chin ma’noda bilim va ma’naviyat maskaniga aylantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Farg‘ona shahridagi 10-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Xotira darsi”da Prezident Islom Karimovning Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz ozodligi yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiligi va aholi turmush farovonligini yuksaltirishdagi buyuk xizmatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Buyuk davlat arbobining faoliyati haqida videolavha namoyish etildi.
– Xalqimizning istiqlol yillarida erishgan barcha yutuq va marralari mamlakatimizning Birinchi Prezidenti nomi va faoliyati bilan bog‘liq, – deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Umrzoqova. – Bu ulug‘ insonning mustaqil O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni haqida yoshlarga keng tushuncha berish, porloq xotirasi oldida ta’zim bajo keltirish burchimizdir.
Mamlakatimiz, butun xalqimiz dono Yo‘lboshchisini yo‘qotganidan chuqur qayg‘uda. Ayniqsa, yoshlarimiz davlatimiz rahbarining o‘zlariga ko‘rsatgan otalarcha mehribonligi va g‘amxo‘rligini minnatdorlik bilan yodga olmoqda.
– Prezidentimizning yorqin siymosi bir umr qalblarimizda yashaydi, –deydi 9-sinf o‘quvchisi Mohlaroy Ahmadjonova. – Yurtboshimiz yoshlarning baxtu kamoli yo‘lida kerak bo‘lsa jonini ham qurbon qilishga tayyor bo‘lganini “Xotira darsi”da yanada chuqur angladik. O‘zbekiston – yoshlar mamlakati. O‘qishimiz, kasb-hunar egallashimiz uchun barcha sharoitlar muhayyo. Biz Prezidentimiz bildirgan yuksak ishonchga munosib bo‘lish, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokorona xizmat qilishga va’da beramiz.