Poytaxtimizda bir kunda 4 ta yangi ijtimoiy ob’ekt foydalanishga topshirildi
Toshkent shahrida aholi uchun muhim bo‘lgan ta’lim va tibbiyot muassasalari bir kunda ishga tushirildi.
Xususan, Yangihayot tumani, "Yangigulzor" MFYda 335-sonli maktab hududidagi bo‘sh yer maydoniga 760 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilib foydalanishga topshirildi.

Avval 320 o‘rinli bo‘lgan maktabning umumiy quvvati 1 ming 80 o‘ringa yetkazildi. Natijada bolalarni qamrab olish koeffitsiyenti 2.2 dan 1 ga tushdi.
Sergeli tumani "Alisher Navoiy" MFYda ham yangi 1650 o‘rinli 359-sonli maktab qurilib, o‘quvchilar uchun zamonaviy ta’lim muhiti yaratildi.

Shuningdek, Investitsiya dasturi asosida 500 qatnovga mo‘ljallangan Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika uchun yangi bino foydalanishga topshirildi. Bu esa aholi uchun tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Bektemir tumani "Abay" MFYda ham 583-sonli 360 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bolajonlar uchun o‘z eshiklarini ochdi.



Endilikda ushbu yangi ob’ektlar ta’limdagi o‘rin yetishmovchiligini kamaytirish, tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish hamda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA