Poytaxtda mebel va yog‘ochsozlik sanoati ko‘rgazmasi ish boshladi (+video)
Joriy yilning 28-aprelidan boshlab “O‘zekspomarkaz”da “Yog‘ochsozlik. Mebel butlovchi qismlari. Mebel va interer – WoodTech & MebelExpoUzbekistan 2026” 22-Xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi.
Unda 13 mamlakatdan 127ta kompaniya ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma pavilonlarida zamonaviy yog‘ochsozlik va mebel, butlovchi qismlar, kimyoviy vositalar, furnitura, aksessuarlar, tayyor mebellar va ishlab chiqarish uchun zarur uskunalar namoyish qilinmoqda. Unda Avstriya, Shveysariya, Shvetsiya, Turkiya, Rossiya, Belarus, Germaniya, Italiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning nufuzli kompaniyalari sohadagi eng so‘nggi yangiliklar, xizmatlar va ishlanmalarini taqdim etdi.
- Bizning kompaniya Guandunda joylashgan, - deydi xitoylik ko‘rgazma ishtirokchisi Meriy Li. - Ushbu ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etmoqdamiz. Ishlab chiqarishimiz asosan mebellar uchun butlovchi qismlar tayyorlashga mo‘ljallangan. Masalan, shkafning harakatlanuvchi tortmalariga qo‘llaniladigan mexanizm juda pishiq, mustahkam metaldan tayyorlangan. Panjara pardalarimiz qo‘lda va o‘zi mexanik harakatlana oladi.
Ko‘rgazma ishtirokchilarining salmoqli qismini xorijiy kompaniyalar tashkil qildi. Shunday bo‘lsada mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz ham e’tiborga molik mahsulotlarini ko‘z-ko‘z qila oldi.
Shu bilan birga 11ta yetakchi ishlab chiqaruvchilarni birlashtirgan Turkiya milliy paviloni ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ushbu davlatning eng yirik lak-bo‘yoq, yog‘och qoplamalari va mebel ishlab chiqarish uskunalari, butlovchi qismlari, furnitura va aksessuarlari alohida ajralib turdi.
Aytish kerakki, mazkur ko‘rgazma tayyor mebel mahsulotlari, interer buyurtmalari, dekor sektoridagi yetkazib beruvchilar va istiqbolli hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish va aloqalarni o‘rnatish uchun qulay maydondir.
Bu yerda yog‘ochsozlik va mebel ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyali zamonaviy uskunalarni birinchi qo‘ldan sotib olish, uni ishlatish bo‘yicha maslahat olish, Yevropa va Osiyo yetakchilarining sifat kafolati bilan yog‘ochni qayta ishlash vositalarining keng to‘plami bilan yaqindan tanishish imkoni bor.
Yana bir e’tiborli tomoni ko‘rgazmaning ochiq pavilonida tayyor mini fabrikani uchratdik. Mutaxassislar yog‘ochga shu yerning o‘zida ishlov berib, qanday tayyor mahsulot ishlab chiqarish kerakligini amalda ko‘rsatib bera oldilar.
Xullas bu galgi ko‘rgazmada asosiy urg‘u tadbirkorga ishlab chiqarish majmualari va liniyalarini tayyor holda yaxlit yetkazish va qurib ishga tushirishga qaratilibdi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan ko‘rgazma 30-aprelga qadar davom etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4xhb-KC9F_c" title="Poytaxtda mebel va yog‘ochsozlik sanoati ko‘rgazmasi ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA