Poyezd kechikkanda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanadi
Raqobat qo‘mitasi tashabbusi bilan mahalliy yo‘nalishlarda harakatlanuvchi poyezdlar kechikkan hollarda yo‘lovchilarga pullik kompensatsiya to‘lash tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
So‘nggi vaqtlarda Qo‘mitaga kelib tushayotgan murojaatlar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarda poyezdlarning jadvaldan kechikishi, jo‘nab ketishi yoki manzilga kech yetib borishi holatlari bo‘yicha noroziliklar ko‘paygan. Xususan, 2025-yil davomida mazkur masala yuzasidan 51 ta murojaat qayd etilgan. Ular orasida Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida harakatlanuvchi “Sharq” poyezdlarining muntazam kechikishi va chiptalarda noto‘g‘ri vaqt ko‘rsatilishi haqidagi shikoyatlar ham bor.
O‘rganishlar natijasida amaldagi normativ hujjatlarda tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan hollarda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanmagani ma’lum bo‘ldi. Shu bois, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida Transport vazirligiga tegishli taklif kiritildi.
Ayni paytda temir yo‘l transportida yo‘lovchilarni tashish qoidalarining yangi tahriri ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, poyezd kechikkan taqdirda yo‘lovchilarga quyidagi miqdorlarda kompensatsiya to‘lash belgilanishi rejalashtirilgan:
15 daqiqadan 30 daqiqagacha kechiksa — yo‘lkiraning 15 foizi;
31 daqiqadan 60 daqiqagacha — 25 foiz;
61 daqiqadan 120 daqiqagacha — 50 foiz;
121 daqiqadan ortiq kechiksa — 100 foiz.
Bunday tartib hozirgacha faqat "Afrosiyob" poyezdlarida amal qilib kelinayotgan edi. Endi esa ushbu amaliyotni barcha mahalliy (oddiy va tezyurar) poyezdlarga ham tatbiq etish rejalashtirilmoqda.
Qo‘mita mazkur tashabbus orqali temir yo‘l transportida xizmat sifati va iste’molchilar huquqlarini yanada kuchaytirishni maqsad qilgan.
Nigora Rahmonova,
O‘zA