Poshxurtning mard, jasur o‘g‘loni yod etildi
Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari soha faxriylarini e’zozlab, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan jasur va qo‘rqmas bojxonachilarni yod etmoqda.
Bojxona xizmati xodimi Botir Davlatov Vatanga sadoqat bilan xizmat qilib, hayotini mamlakatimiz osoyishtaligi va taraqqiyoti, iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga bag‘ishladi.
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan viloyat bojxonachilari Botir Davlatov kamolga yetgan xonadonda ham bo‘lib, oila a’zolari holidan xabar oldi. Hamkasblari uning barchaga ibrat bo‘ladigan yaxshi fazilatlarini xotirladi.

Mard, jasur o‘g‘lon Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy burchini sharaf bilan o‘tab qaytgach, 23 yoshida bojxona tizimida xizmatni davom ettirdi.
Sherobod tumanidagi Poshxurt qishlog‘ida o‘qituvchi Mamatqul Davlatov va Hayitoy Qurbonovalar oilasida dunyoga kelgan Botirjon oilada 10 farzandning oltinchisi edi. U ismiga monand jasurligi, chuqur zehni va tevarak-atrofidagilarga mehribonligi bilan tengdoshlaridan ajralib turar edi.

Botir xizmat vazifasini qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegara hududdagi “Oqtosh” bojxona postida kichik inspektor lavozimida boshladi. Shundan so‘ng viloyatning boshqa bojxona maskanlarida ham xizmat qildi. U xizmat burchini yana “Oqtosh” bojxona postida davom ettirayotganida 1998-yil 17-fevral kuni g‘araz niyatli jinoyatchilar uyushtirgan hujumda vafot etdi.

Botir Davlatov qisqa, ammo yosh avlodga ibrat bo‘ladigan hayot kechirdi. Mard va jasurligi bilan uni tanigan yurtdoshlari va hamkasblari qalbida o‘chmas iz qoldirdi. Prezidentimizning 1998-yil 27-avgustdagi farmoni bilan milliy xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlash, jamoat tartibini muhofaza qilish hamda harbiy burchini bajarish vaqtida jasurlik va matonat ko‘rsatgani uchun Botir Davlatov vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 10-yil” esdalik va “O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga 25-yil” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Sherobod tumanidagi keng, yorug‘ ko‘chalarning biriga Botir Davlatov nomi berildi. Botir Davlatov ta’lim-tarbiya olgan 33-maktab hovlisiga uning xotirasiga bag‘ishlab monument o‘rnatildi.

–O‘g‘lim Botirjon bolaligidan juda mehnatsevar, mehribon, oqko‘ngil inson edi. – deya eslaydi onasi Hayitoy aya Qurbonova. – Ko‘mak so‘rab kelgan muhtoj insonlardan hech qachon yordamini ayagan emas. Xizmatdan bo‘sh vaqtlarida bekor yurishni yoqtirmasdi. Chorvachilik, dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lardi. Mevali daraxt va turli gullarni ekib, ularni parvarishlashga qiziqishi, tabiatga mehri boshqacha edi.
Yosh bojxonachi qisqa, ammo jasoratga yo‘g‘rilgan hayotida Vatanimiz mustaqilligini yanada mustahkamlashga katta hissa qo‘shib, mamlakatimizning buyuk kelajagini ko‘rishni orzu qilib o‘tdi. Ayni paytda uning bu orzularini qizi Sabogul Davlatova ro‘yobga chiqarmoqda. U viloyat bojxona boshqarmasida xizmat qilib, ota kasbini sharaf bilan davom ettirayotir.
Bojxonachilar Poshxurt qishlog‘idagi 33-maktab hovlisiga o‘rnatilgan monument poyiga gulchambar qo‘yib, Botir Davlatov xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri