Portlar qamali AQSH va Eronning kelishuviga xalaqit beradimi?
AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokara yaqin kunlarda qayta tiklanishi mumkinligini bildirdi. Uning fikricha, garchi aniq sana hali belgilanmagan bo‘lsa-da, uchrashuv Islomobod shahrida o‘tkazilishi ehtimoli bor. Demak, portlarga nisbatan joriy etilgan qamalga qaramay, diplomatiya yo‘li hali yopilmagan.
Dastlabki muzokara natija bermagani vaziyatni murakkablashtirdi. So‘ngra AQSH Eron portlariga nisbatan qat’iy cheklov joriy qildi. Afsuski, tomonlar o‘rtasidagi ishonch hamon past darajada. Hatto, vitse-prezident Jey Di Vens ham ziddiyatni qisqa vaqtda hal etish amri mahol, deya ochiq tan oldi.
Asosiy kelishmovchilik Islom Respublikasining yadroviy dasturi tufayli shakllangan. Vashington uzoq muddatli cheklov talab qilmoqda, Tehron esa qisqa muddatli to‘xtatish variantini ilgari surgan. Qolaversa, sanksiyani bekor qilish masalasi ham muzokaraning bahsli nuqtasi bo‘lib qolmoqda.
Shunga qaramay, norasmiy muloqot muayyan darajada yaqinlashuvga olib kelgani aytilmoqda. Bu holat neft bozorida ham aks etib, narx barrel uchun 100 dollardan pastga tushdi. Demak, hatto cheklov sharoitida ham siyosiy yechim izlash jarayoni davom etyapti.
Musulmon Ziyo,
O‘zA