Polshalik sayyohlar oqimi oshadi
FOTOREPORTAJ
“LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi tomonidan Varshava – Toshkent – Varshava yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan muntazam aviareys ochilishi munosabati bilan mamlakatimizga tashrif buyurgan Polsha hukumati, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, sayyohlik agentliklari va boshqa tashkilotlar mutasaddilari Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Mehmonlar tashrif davomida Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, uning turizm salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
- O‘zbekistonga o‘ttiz yil oldin kelgan edim, - deydi “Logos travel” sayyohlik agentligi vakili Marek Slivka. – Yurtingizning tabiati, betakror tarixiy obidalari menga juda yoqadi. O‘tgan davr mobaynida juda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilibdi. Ammo tarixiy obidalarning jozibasi o‘sha-o‘sha. Bugungi tashrif davomida O‘zbekistonning, xususan, Samarqandning turizm salohiyatini alohida o‘rgandim. Shu asosda hamyurtlarim uchun qulay bo‘lgan turpaketlarni tuzib chiqamiz. Chunki, endi Polsha va O‘zbekiston o‘rtasida muntazam aviareyslar yo‘lga qo‘yilib, sayyohlar uchun ajoyib imkoniyat yaratildi. Sayohatga chiquvchilarga qiziqarli bo‘lgan turpaketlarni tayyorlab, ularni jalb etish kerak, xolos. O‘ylaymanki, bugungi tashrif davomida mening hamkasblarim, qolaversa ommaviy axborot vositalari vakillari keng targ‘ib qilsa, o‘zaro turistik aloqalarimiz yanada rivojlanadi.
[gallery-16437]
Delegatsiya tarkibida kelgan ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar Samarqand jozibasini aks ettiruvchi media materiallar tayyorlab, o‘z yurtdoshlariga taqdim etish niyatida ekanliklarini bildirishdi.
– Samarqandga ilk bor kelishim, – deydi jurnalist Marta Shurnik. – Uning tarixiy shahar ekanligi, o‘ziga xos tabiati borligini eshitgan edim. Ammo, bugun ko‘rib turibmanki, u eshitganimdanda betakror ekan. Ayniqsa, me’morchilik namunalari meni lol qoldirdi. Sayyohlar uchun har bir hududning o‘ziga xosligi alohida ahamiyatga ega. Bunda gastronomik turizm muhim o‘rin tutadi. Milliy taomlaringiz juda ham mazali ekan. Ayniqsa, o‘zbek palovi menga juda yoqdi. Albatta, men va boshqa hamkasblarim tomonidan tayyorlangan media materiallar hamyurtlarimizni O‘zbekistonga, xususan Samarqandga bo‘lgan qiziqishini yanada orttiradi va polshalik sayyohlar oqimi ko‘payadi.
Polsha delegatsiyasi tashrif davomida Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, qadimiy Siyob bozori va boshqa diqqatga sazovor joylarda bo‘ldi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA