Polsha Rossiyadan gaz xaridini to‘xtatadi
Polsha 2022 yildan keyin Rossiyadan gaz xarid qilmoqchi emas, dedi hukumatning strategik energetika infratizim masalalari bo‘yicha vakolatli vakili Petr Naimskiy “RMF FM” radiosiga bergan intervyusida.
Vakilning eslatishicha, Polshaning Rossiyadan gaz xarid qilish bo‘yicha 1996 yilda imzolangan va Yamal shartnomasi nomini olgan bitim muddati dekabrda o‘z nihoyasiga yetadi.
"Varshava bitimni uzaytirmaydi, qisqa muddatli shartnoma ham tuzmoqchi emas. Biznes nuqtai nazaridan foydali bo‘lib ko‘rinsa-da, bugun buni tasavvur qilish qiyin. Hozir Polsha gaz xaridining 50 foizi Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi”, dedi Polsha rasmiy vakili.
Bunchalik miqdorning o‘rnini qoplash mumkinmi, degan savolga Naimskiy: “PGNiG – davlat neft-gaz kompaniyasi bunga tayyor, unda Rossiya ta’minotini qoplovchi shartnomalar mavjud”, deb javob berdi.