Politico: Bu yil Yevropada qish qattiq keladi, Germaniya esa gaz sotib olmoqchi emas
Yevropada tabiiy gaz zaxirasi xavfli darajada kamayib ketdi. Binobarin bu yil qishda tanqislik va narx ko‘tarilishi kutilyapti. Qit’a gaz operatorlari uyushmasi – "Gas Infrastructure Europe" tomonidan boshqariladigan AGSI – "Aggregated Gas Storage Inventory" platformasi ma’lumotiga ko‘ra, YeI mamlakatlaridagi yer osti gaz saqlash inshootlaridagi gaz zaxirasi oxirgi besh yil ichidagi eng past ko‘rsatkichga tushdi.
7-avgust holatiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi gaz saqlash inshootlari umumiy hisobda atigi 58,32 foiz to‘ldirilgan.
Nashr yozishicha, Germaniya ko‘hna qit’a vaziyati o‘zgarishida muhim o‘rin tutadi.
Savdogarlar va kommunal xizmat YeIdagi gaz omborlarini to‘ldiradi. Ular odatda yozda arzon sotib olingan gazni qishda qimmat sotadi. Bu yil AQSH – Eron urushi va haddan tashqari issiq tufayli yozda narx ko‘tarilishi esa ayni tartibni buzdi. Natijada YeI omborlari o‘rtacha to‘lish darajasi taxminan 58 foizni tashkil qildi.
So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, avgust oyida GFR gaz zaxirasi milliy quvvatning atigi 47 foizini qoplagan.

Yevroittifoqning qolgan davlatlarida ham ahvol yaxshi emas: Niderlandiyada 38.8, Shvetsiyada 36.9 foiz. Faqat Polsha va Portugaliya 80 foizdan ko‘p sig‘imga ega saqlash inshootiga ega. Bir yil oldin YeIning umumiy ko‘rsatkichi 70,62 foiz edi.
“Politico” Germaniya bu borada qit’adagi eng zaif mamlakat ekanini ta’kidlamoqda. Ya’ni, ulkan hajm tufayli gaz tanqisligi ta’siri qo‘shni davlatlarga ham ko‘chishi mumkin. Berlin Germaniya ta’minotini to‘ldira olmasa, butun blok bo‘ylab narx oshadi.
S.Rahimov, O‘zA