Polina Kudermetova Istanbuldagi yurishini muvaffaqiyatli boshladi
Turkiyaning Istanbul shahrida WTA125 tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirning birinchi davra bahslariga start berildi. Unda hamyurtimiz Polina Kudermetova ikkinchi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Aniqrog‘i, mukofot jamg‘armasi 115 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu turnirda Polina Kudermetova mahoratli tennischi turkiyalik Chag‘la Buyukakchayga qarshi kortga chiqdi va 6:3, 6:1 hisobida taslim etdi. Endi u navbatdagi bosqichda rossiyalik Anastasiya Gasanova va xitoylik Xanyu Gao to‘qnashuvi g‘olibi bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, bugun musobaqaning birinchi davrasida mamlakatimiznig uchinchi raqamli tennischisi Mariya Timofeyeva germaniyalik Noma Noxa Akugue bilan ikkinchi davra yo‘llanmasi uchun raqobatlashadi.
Darvoqe, Polina va Mariya mazkur musobaqaning juftlik bellashuvlarida birgalikda mamlakatimiz sharafini himoya qiladi. Ular birinchi davrada turkiyalik tennischilar Chag‘la Buyukakchay va Ayla Aksu duetini sinovdan o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA