Poliklinika ko‘rkam qiyofaga kirdi
Aholi salomatligi ta’minlash yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilib, sohaga ajratilayotgan investitsiyalar ko‘lami ortib bormoqda. Ayni shu g‘amxo‘rlik sabab Namangan shahri tibbiyot birlashmasi qoshidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosi Mustaqillik bayrami arafasida ko‘rkam va zamonaviy qiyofaga kirdi.
Olti qavatdan iborat shifo maskanini kapital rekonstruksiyadan chiqarish uchun davlat byudjetidan 11 milliard 800 million so‘m mablag‘ ajratildi. Buning natijasida, aholiga sifatli birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yuzaga keldi. Salkam qirq yildan so‘ng ta’mirdan chiqarilgan ushbu poliklinika viloyat markazidagi 63 ta mahallada istiqomat qiluvchi 356 mingdan ortiq aholiga malakali xizmat ko‘rsatishga moslashtirildi.


– Bugungi kunda poliklinikaning quvvati 850 o‘ringa yetkazilib, 244 nafar malakali shifokor va o‘rta tibbiyot xodimi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi Namangan shahar markaziy poliklinika mudirining o‘rinbosari, oliy toifali vrach Musharrafxon Sobirova. – Laboratoriya, diagnostika, stomatologiya, bolalar, oilaviy shifokorlar, ayollar maslahatxonasi, tor soha mutaxassislari bo‘limlari UTT, FGDS, EKG, EEG, EXO, perenatal, kolposkopiya, xolter kabi so‘nggi rusumdagi tibbiy apparatlar va jihozlar bilan ta’minlandi.


Poliklinikaning ochilish marosimida qatnashgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tamomila yangilangan muassasada fuqarolar hamda tibbiyot xodimlariga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, aholi salomatligi yo‘lida qayg‘urish har bir shifokor va hamshiraning qalb amriga aylanishi zarurligini qayd etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.