Pol Kapur: Tarixni shu yerda his qilasiz
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.
Mehmon majmuada islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyasidan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar tarixiy jarayon, buyuk allomalar ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar va muqaddas yodgorliklar bilan tanishdi. Shuningdek, zamonaviy raqamli texnologiya asosida yaratilgan inter faol ekspozitsiyalarga e’tibor qaratdi.

– Bu muhtasham maskan, – dedi yuqori martabali mehmon. – Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan tanishish men uchun unutilmas tajriba. Bu maskanda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz va his qilasiz.
Ayniqsa Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish AQSH vakilida iliq taassurot uyg‘otdi. Uning ta’kidlashicha, Markaz Islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini yaqqol namoyon etadi. Shu bilan birga yosh avlod tarixiy meros, ilm-fan va ma’rifatning ahamiyatini yanada teran anglashiga ko‘maklashadi.

Samir Pol Kapur yoshlarni Markaz bilan yaqindan tanishishga chaqirdi.
D.Hakimov, O‘zA