Pokistonlik tadbirkorlar Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaziga tashrif buyurdi
Pokiston Islom Respublikasining Oqara shahri tadbirkorlari delegatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaziga tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, uning ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyati, shuningdek, Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish, cho‘llanishga qarshi kurashish, bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdilar.

Mehmonlarga markazning zamonaviy laboratoriyalari, o‘simlik genetik resurslari, genbanki, innovatsion issiqxona majmualari, tajriba maydonlari, shuningdek, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sho‘rga chidamli qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar haqida ma’lumot berildi. Markazning Orolbo‘yini barqaror rivojlantirish, mintaqaning ekologik xavfsizligini oshirish, qishloq xo‘jaligi va tabiatni muhofaza qilish faoliyatiga zamonaviy ilmiy yechimlarni joriy etishga qaratilgan innovatsion ishlanmalari mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Muloqot davomida tomonlar innovatsiyalar, ekologik barqaror qishloq xo‘jaligi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tajriba almashish va qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Tashrif yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va innovatsiyalar, ekologiya va barqaror rivojlanish sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri