Pokiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
Islomobodga amaliy tashrif bilan borgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashdi.
Muzokara chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston - Pokiston munosabatining hozirgi holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi.
O‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, eksport-import mahsulotlari turini ko‘paytirish, qo‘shma investitsiya va infratuzilma loyihalarini faol amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Ayni maqsadga erishish yo‘lida ikki mamlakat hukumatlari imtiyozli savdo, bank va bojxona hamkorligini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, muntazam parvozlarni tiklash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
Tashqi ishlar vazirlari afg‘onlararo muzokarani yo‘lga qo‘yish, Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish uchun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatini birlashtirish muhimligini qayd etdilar.
Madaniy-gumanitar munosabatlar, shuningdek, turizm sohasidagi o‘zaro aloqalarga alohida e’tibor qaratildi. Tarixiy, madaniy va ma’naviy jihatdan mintaqalarimiz va mamlakatlarimiz sivilizatsiyasi o‘zaro manfaatli hamkorlikning ishonchli asosi bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Vazirlar BMT, IHT, SHHT, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik masalalarini ham muhokama qildilar.
Shuningdek, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqboliga e’tibor qaratildi.
Pokiston tashqi ishlar vaziri joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilindi.
Turli darajadagi tadbirlar jadvali va tashkiliy jihati ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va global kun tartibining boshqa masalalari bo‘yicha ham fikr almashdi.
O‘zA