Pokiston — Hindiston: harbiy nizo avj olmoqda
Dehli va Islomobod oʻrtasidagi keskin munosabatlar anʼanaviy tarzda davom etib kelmoqda.
Dehli va Islomobod oʻrtasidagi keskin munosabatlar anʼanaviy tarzda davom etib kelmoqda.
Tomonlar oʻrtasida siyosiy, tarixiy, hududiy, xususan, Kashmir viloyati haqida ham kelishmovchiliklar azaldan mavjud. Joriy yilning 14 fevral kuni bir xudkushning harbiylashtirilgan hind politsiyasi yaqinida oʻzini portlatganidan soʻng ikki davlat oʻrtasidagi azaliy murosasizlikka choʻgʻ tashlandi. Portlash natijasida 45 kishi vafot etdi. Voqeaga javobgarlikni “Jaysh-a-Muhammad” islomiy guruh oʻz boʻyniga oldi.
Shundan soʻng harbiy munosabatlarda keskinlik boshlanib ketdi. Seshanba kuni hind qurolli kuchlari “Jaysh-a-Muhammad” islomiy guruhning Kashmir hududidagi lageriga havodan hujum uyushtirdi. Natijada koʻplab harbiylar, shu jumladan, ularga taalluqli transport, qurol va oʻq-dori zahirasi yoʻq qilingan.
Bugun esa Pokiston armiyasi Kashmir hududida havo kengliklarini buzgani uchun Hindistonning ikki harbiy samolyotini urib tushirdi.
“Samolyotlarning biri Ozod Kashmir hududiga, ikkinchisi — nazorat qilinuvchi tuman hududiga tushgan”, deb yozgan Pokiston qurolli kuchlari matbuot xizmati rahbari general-mayor Asif Gafur Twitterda.
Hind samolyotlaridan birining uchuvchisi hibsga olingan.
Rasmiy Islomobod oʻz mudofaasini namoyish etdi, deb xabar bergan Pokiston Tashqi ishlar vazirligi.
Pokiston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi bugun barcha tijorat reyslari uchun mamlakatning havo kengliklari yopilganini maʼlum qildi.
Bugun siyosiy kuzatuvchilar dunyo mamlakatlari siyosiy rahbarlari asosiy eʼtiborini Kim Chen In va Trampning uchrashuviga emas, balki ommaviy qirgʻin qurollariga ega boʻlgan ikki mamlakat oʻrtasidagi kelishmovchilikka qaratishlarini soʻramoqda.