Pillachilik: xomashyodan tayyor mahsulotgacha
Agrar sohaning muhim tarmoqlaridan biri–pillachilik faoliyatiga Buxoro viloyati miqyosida nazar solsak, buxorolik mirishkorlar pilla yetishtirish davlat shartnoma rejalarini so‘nggi yillarda respublikada ilg‘orlar safida uddalab kelishmoqda.
Bu pilla yetishtiruvchilarga zarur shart-sharoit yaratib berilayotgani, ular moddiy manfaatdorligiga e’tibor qaratilayotgani samarasidir.
Joriy yilgi mavsumda viloyat pillakorlari tomonidan yaratilgan “kumush tola” xirmoni 2 ming 788 tonna bo‘lib, bu 2022 yildagi xirmondan 256 tonnaga ko‘pdir. Pilla yetishtirish mavsumida 36 mingdan ortiq ishchi-mutaxassis jalb qilinib, ularning bandligi ta’minlandi.
Buxoro tumanidagi “Buxoro Silk servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati pillani qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona sifatida ichki imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Aholi daromadlari va moddiy manfaatdorligini ta’minlash maqsadida tumanning Yangi turmush, So‘fikorgar, Bog‘ikalon, Ko‘chko‘mar, Yangiobod, Gulshanobod, Qavola Mahmud, Rabotqalmoq, Shexoncha kabi 14 ta hududidagi jami 1,4 mingtadan oshiq pilla boquvchi – oilaviy zvenoda yetishtirilayotgan “kumush tola” ning buyurtmachisi ham aynan mazkur korxona hisoblanadi.

–Galaosiyo shahri Navro‘z mahallasida xom ipakni qayta ishlab, undan ipak tola ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamiz 2010 yildan faoliyat boshlagandi, – deydi “Buxoro Silk servis” MCHJ ish yurituvchisi Tolib Qalandarov. –O‘tgan yillar mobaynida Buxoro, Romitan, Peshko‘ tumanlaridagi xo‘jaliklarda yetishtirilgan pilla hosiliga buyurtmachi va qayta ishlovchi sifatida ish yuritib, asosan chet eldagi hamkorlarga sanoat uchun qimmatbaho ipak tola eksporti bilan shug‘ullanib kelmoqdamiz. Mana, uch yildirki, Buxoro tumanida yetishtirilayotgan xomashyoni qabul qilishga o‘tganmiz. Joriy yil bahor oylaridan hududdagi maxsus inkubatoriyalarda jonlantirilgan 3829 quti ipak qurtini 250 dan ortiq fermer xo‘jaligi va ular tarkibidagi oilaviy zvenolarga tarqatib berib, bundan 223 tonna “kumush tola” yetishtirishga doir shartnoma tuzilgandi. Mirishkor xo‘jaliklarining mehnati bilan 225 tonna pillani qayta ishlashga qabul qildik.
O‘tgan 2022 yil mavsumida “Buxoro Silk servis” MCHJ tomonidan 208 tonna xom pilla qayta ishlanib, undan tayyorlangan ipak tola umumiy qiymati 1 million AQSH dollari evaziga Xitoy, Eron va Turkiya davlatlaridagi buyurtmachilarga eksport qilingan. Mutaxassislarning qayd etishicha, 1 tonna pilladan 350 kilogram atrofida momiq ipak tola olinsa, undan 20 ming metr adras, 13 ming metr atlas va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Muhimi, sohani rivojlantirish orqali minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Ayni kunda viloyatdagi “Romstar”, “Kumushkent ipagi”, “G‘ijduvon ipak tola” kabi ko‘p tarmoqli korxonalarda ipak tolani qayta ishlab, undan pishiq shoyi mato ko‘rinishidagi gazlama ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ba’zilarida ipak toladan pishiq-puxta gilam, shoyi ro‘mol, adras va atlas mato ham ishlab chiqarish tajribasi o‘zlashtirilmoqda.
Endilikda “Buxoro Silk servis”da ham “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida ichki imkoniyatlardan unumli foydalangan holda trikotaj fabrikasi faoliyati tashkil qilingani ayni muddao bo‘ldi.
Shu yilning dastlabki oylaridan ish boshlagan bu sex 100 ming AQSH dollari miqdoridagi sarmoya evaziga Turkiya texnologiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, unda dastlabki bosqichda 15 nafar chevarni ish bilan ta’minlash imkoni bo‘ldi. Bu yerda hozircha paxta matosidan zamonaviy andozadagi kiyim-kechak tikib tayyorlanayotgan bo‘lsa, yaqin oylarda ipak mato va gazlamadan mahsulot ishlab chiqarish ham mo‘ljallanmoqda.

Joriy yilda ham MCHJning Galaosiyo shahridagi markaziy pillaxonasi va “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi pilla qabul qilish maskanida saranjomlanayotgan pilla miqdori o‘tgan yilgi xomashyodan 14,5 tonnaga ko‘pdir. Korxonada 30 nafar ishchi-mutaxassis uchun barqaror mehnat sharoiti yaratilgan.
“Yashil makon” umumilliy harakati doirasida Yangi turmush mahallasi hududidan ajratilgan 7 gektar yerda tut plantatsiyasi tashkil qilinmoqda. Bundan tashqari, yana 5 gektarda ipak qurti boquvchi fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar uchun alohida tut ko‘chati yetkazib berish harakatiga kirishilgan. Qolaversa, “Buxoro Silk servis” MCHJ tomonidan ikki yil burun Peshko‘ tumanidagi ekin yerlaridan ajratilgan 3,8 gektar maydonda ipak qurti oziqasi uchun 23 ming dona tut ko‘chati o‘tqazilib, parvarishlanmoqda.
Ana shu sa’y-harakatlar samarasida pillani qayta ishlash korxonasi joriy yilning shu kunigacha 500 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotni turkiyalik va eronlik buyurtmachilarga eksportga chiqargan. Shu kunlarda yana shuncha qiymatdagi ipak tola xorijiy hamkorlarga yetkazib berish maqsadida omborda qadoqlab qo‘yilgan.
Ahil jamoa joriy yil oxirigacha chet ellik biznes sheriklariga yetkaziladigan mahsulot eksportidan 2 million AQSH dollari miqdorida daromad qilishni ko‘zlab turibdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.