Pillachilik sohasi xodimlarining malakasi oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Xitoy Xalq Respublikasining Savdo vazirligi hamda Janubiy Xitoy Qishloq xo‘jaligi universiteti hamkorligida “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun pillachilikda ishlab chiqarish va boshqaruv” mavzuida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Onlayn tarzda 10 kun davom etgan seminarda xorijiy mutaxassislar tomonidan “Tut yetishtirish va uni boshqarish”, “Ipak qurti boqish uchun preparatlar”, “COVID-19 profilaktikasi bo‘yicha bilim va amaliyotlar”, “Ipak qurti genetik operatsiya texnologiyasi”, “Yosh ipak qurtlarini parvarish qilish va boqish”, “Pillachilik resurslaridan foydalanish” kabi mavzularda maruzalar qilindi.
Tadbirda rivojlanayotgan davlatlar qatorida pillachilik istiqbollari bo‘yicha mamlakatimizdan O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi vakillari o‘z taqdimoti bilan ishtirok etdi.

– Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2019 yil 3 oktiyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillishtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, kadrlar malakasini muntazam oshirib borish davlat fuqarolik xizmatini yanada takomillashtirish va isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan, – dedi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi mas’ul xodimi Nilufar Ochilova. – Aynan shu yo‘nalishda qo‘mitamiz kadrlar malakasi muntazam oshirib borilmoqda. Bu borada vazirliklar, davlat organlari va tashkilotlari hamda hamkor davlatlar bilan birgalikda tashkil etiladigan xalqaro seminar-treninglarda o‘z kadrlarimiz ishtirokini ta’minlab kelmoqdamiz.
Seminar so‘ngida ishtirokchilarga maxsus sertifikat topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA