Pillachilik rivojiga bag‘ishlandi
Namanganda pilla yetishtirish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori samaradorlikka erishish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Namanganda pilla yetishtirish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori samaradorlikka erishish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.Shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, pillani qayta ishlash korxonalari vakillari, ilg‘or pillakorlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda pillachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Sohaga ilg‘or agrotexnik usullar, zamonaviy texnologiyalar keng tatbiq etilayotgani, ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida yangi tut plantatsiyalari yaratilib, pillakorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani bunda muhim omil bo‘lmoqda.
Viloyatda 2014-yilda 2 ming 700 tonnadan ziyod qimmatbaho sanoat xomashyosi yetishtirildi. Keyingi yillarda takroriy ipak qurti boqishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Takroriy pillachilikda 50 tonnaga yaqin pilla yetishtirilib, qayta ishlash korxonalariga yetkazib berildi.
– Joriy yilda pillachilikdagi hosildorlikni 2 ming 790 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan, – deydi “Namangan pilla” hududiy birlashmasi raisi Rahbarxon Yavminova. – Shu maqsadda ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, ya’ni bir yarim million tup tut ko‘chati ekish, 110 gektar maydonda yangi tutzorlar yaratish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi. “Namanganpaxtasanoat” hududiy birlashmasi tizimidagi maxsus ipak qurti boqish maskanlarida 115 tonnadan ziyod pilla yetishtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Ayni kunlarda fermer xo‘jaliklari bilan qurt boquvchilar o‘rtasida ichki mehnat shartnomalari tuzilmoqda.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi B.Yusupov so‘zga chiqdi.