Pillachilik qadriyatlar uyg‘unligiga xizmat qiladi
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, aholi bandligini ta’minlash va eksportbop mahsulotlar yetishtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarda pillachilik sohasi alohida o‘rin tutadi.
Asrlar davomida xalqimiz turmush tarzi va milliy qadriyatlari bilan uyg‘unlashib ketgan mazkur soha bugun nafaqat iqtisodiy ahamiyati, balki aholi daromadini oshirish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlashdagi o‘rni bilan ham muhim ahamiyatga egadir.

Xususan, shu kunlarda Ohangaron tumanida ham pilla mavsumining eng mas’uliyatli pallasi — ilk hosilni yig‘ishtirib olish ishlari qizg‘in tus oldi. Tumanda pilla yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan mehnatkash pillakorlar tomonidan bu yil jami 2 ming 500 quti ipak qurti parvarish qilinyapti. Belgilangan yillik rejaga ko‘ra, joriy mavsumda 151 tonna pilla yetishtirish maqsad qilingan.

Quvonarlisi, mavsumning dastlabki kunlaridayoq pillakorlar tomonidan xirmonga 6,3 tonna pilla topshirildi. Bu esa sohadagi ishlar uyushqoqlik bilan tashkil etilgani, pilla parvarishi agrotexnik talablar asosida olib borilgani hamda aholining bu sohada yetarli tajribasi va mehnatsevarligini ko‘rsatadi.
Aslida pillachilik nafaqat mehnat, balki sabr, mas’uliyat va birdamlikni talab qiladigan sohadir. Ayniqsa, ipak qurtini parvarish qilish jarayonida har bir kun, har bir soat muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu boisdan ham mavsum davomida mahallalarda o‘zaro hamjihatlik muhiti yanada kuchayadi. Pilla yig‘ish ishlari davomida qo‘ni-qo‘shnilar birlashib, xonadonlarga ko‘makka chiqmoqda. Ayniqsa, onaxonlar, faxriylar va mahalla faollari hasharlarda faol ishtirok etib, yoshlarga hamjihatlik va baraka qadriyatlarini uqtirmoqda.

Pilla yig‘ish jarayonlarida, ayniqsa, ayollar mehnati alohida e’tirofga loyiq. Ular ipak qurtini parvarish qilish, uni oziqlantirish va pillani saralash ishlarida katta mahorat namoyon etgan bor gap. Bu esa pillachilik sohasida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti.
Bundan tashqari, sohada samaradorlikni oshirish maqsadida tumanda pillakorlarga zarur amaliy yordamlar ko‘rsatilib, mutaxassislar tomonidan tavsiya va maslahatlar berilmoqda. Shuningdek, pillani o‘z vaqtida qabul qilish, uning sifatini saqlash va pillakorlarni munosib rag‘batlantirish choralari ham izchil tashkil etilmoqda.
A. Musayev, O‘zA