Pillachi ayollar qo‘llab-quvvatlanadi
Samarqandda pillachilik sohasida zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish yuzasidan o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tumanlar oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi klaster va fermer xo‘jaliklar mas’ullari, pillakorlar qatnashdi.

Seminarda shu yil 12 fevarl kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida pillachilikni rivojlantirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish, bu yilgi mavsumda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar haqida so‘z yuritildi.
– Prezidentimiz tomonidan pillani Vetnam va Xitoy tajribasi asosida sanoat usulida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, o‘rma tutzorlar yaratish, urug‘chilik bo‘yicha vazifalar oldimizga qo‘yildi, – deydi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Shuhrat Abdulazizov. – Ipak qurti boquvchilar moddiy manfaatdorligini oshirish uchun ikki bosqichda bozor tamoyillariga o‘tiladi. Bu yil birinchi bosqichda pilla narxi 25 foizga oshiriladi. Aholiga pilla yetishtirish uchun subsidiya beriladi va pilla yetishtiruvchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi. Ikkinchi bosqichda 2025 yildan narxni davlat belgilashi, klasterlarga muayyan tuman va fermerlar biriktirilishidan voz kechiladi. Pilla fermer bilan klaster o‘rtasida erkin narxda tuziladigan shartnoma asosida yoki birja orqali sotiladi.

Xorij tajribasi asosida joylarda maxsus ipak qurti boqish maskanlari tashkil etiladi va yil davomida 4-5 marta pilla yetishtirish, naslli urug‘lar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda ipakchilik instituti huzurida 2 ta naslli urug‘lik stansiyasi ishga tushiriladi.
Seminarda pilla yetishtirishda ipak qurtini tanlash, uni inkubatsiyadan chiqarish va ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mahallalarda pillachilikda katta tajribaga ega xotin-qizlar orasidan “Lider ayollar” saralanib, ipak qurtini yangi agrotexnik qoidalari asosida parvarishlashga o‘qitiladi. So‘nggra ular o‘rganganlari va o‘z tajribalarini mahalladagi boshqa ayollarga o‘rgatadi. Bu orqali ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlanadi, ular daromad manbaiga ega bo‘ladi.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonovaning qayd etishicha, viloyatda 152 ming nafardan ortiq xotin-qiz ipak qurti boqishga jalb qilinadi. Ipakchilik bilan shug‘ullanuvchi 11 ta klaster va fermer xo‘jaligi bilan pilla yetishtiruvchi xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnatiga munosib haq to‘lash va qo‘shimcha rag‘batlantirish borasida hamkorlikda ish olib boriladi.
Seminarda pillachilik klasterlari vakillari, pillakor ayollar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari