Pilla hosili taroziga tushdi
Namangan viloyatining Norin tumani pillakorlari mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib pilla hosilini yig‘ishtirib olishga kirishdi.
Namangan viloyatining Norin tumani pillakorlari mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib pilla hosilini yig‘ishtirib olishga kirishdi.Shu munosabat bilan “Norin bosh pillaxonasi” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Norinkapa pilla qabul qilish maskanida o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida agrar sohani isloh qilish jarayonida pillachilikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Sohaga ilg‘or agrotexnik usullar, zamonaviy texnologiyalar joriy etilib, ozuqa bazasi mustahkamlanayotgani hosildorlikning oshishiga xizmat qilmoqda.
Norin tumanida pillachilik bo‘yicha o‘ziga xos tajriba to‘plangan. Joriy mavsumda tumandagi 208 fermer xo‘jaligida 5 ming 270 quti ipak qurti parvarishlandi. Tarqatilgan qurt urug‘i to‘liq plyonka ostida, zamonaviy agrotexnika asoslarida parvarishlangani belgilangan 282 tonna qimmatbaho sanoat xomashyosini tayyorlash imkonini berdi.
– 20 quti ipak qurti parvarishladik, – deydi “Rustamova Zebuniso” fermer xo‘jaligi rahbari Mashrabjon Yavminov. – Har quti urug‘dan o‘rtacha 75-80 kilogramm pilla olishni rejalashtirgandik. Dastlabki terim rejani ortig‘i bilan ado etishimizni ko‘rsatmoqda.
“Namanganpilla” hududiy birlashmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda takroriy ipak qurti boqishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. Masalan, 2015-yilda takroriy pillachilikda 50 tonnadan ziyod qimmatbaho xomashyo qayta ishlash korxonalariga yetkazib berildi.
Joriy yilda viloyatda 2 ming 790 tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgan. 3 ming 223 fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzilib, ularga 48 ming quti, jumladan, 20 ming quti xorijiy ipak qurti urug‘i tarqatildi. Ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, ya’ni bir yarim million tup tut ko‘chati ekish, 110 gektar maydonda yangi tutzorlar barpo etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirildi.
Viloyatda yetishtirilgan “kumush tola” hosilini yig‘ishtirib olish qizg‘in davom etmoqda.