Pilla boqish mavsumi davom etmoqda
Ipakdan to‘qilgan matolar hamisha xaridorgir bo‘lib kelgan. Shu bois Sharqda qadim-qadimdan ipak qurti boqish va ipak matolar tayyorlash an’anaga aylangan.
Ayni paytda Qashqadaryo viloyatida ham ipak qurti boqish mavsumi uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Xususan, viloyatning Shahrisabz tumani pilla xomashyosini yetishtirish bo‘yicha viloyatda yetakchi o‘rinlarda turadi. Joriy yilda tumanda 5 ming 417 quti ipak qurti parvarish qilinib, 365 tonna pilla xom ashyosini yetishtirish rejalashtirilgan. Jumladan 516 ta fermer xo‘jaligi bilan 2 ming 686 quti– 181 tonnaga, 1 ming 630 nafar tutzorlarga biriktirilgan kasanachilar bilan 2 ming 731 quti– 184 tonnaga pilla xomashyosi yetishtirilishi bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.
Tuman hududlarida pilla xomashyosini yetishtirishda ozuqa bazasi hisoblangan 589 gektar tutzor mavjud bo‘lib, ijara shartnomasi asosida 1 ming 630 ta kasanachiga berilgan. Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklarining dala chetlarida 225 ming tupdan ortiq baland tanali tutlar mavjud.
– Tumanimizda 2024-yil pilla xomashyosini yetishtirish uchun 5417 quti ipak qurti urug‘lari hududlarda mavjud 54 ta inkubatsiyada ochirilib, 19-24-aprel kunlarida 516 ta fermer xo‘jaligi va 1630 nafar tutzorlarga biriktirilgan kasanachiga tarqatildi, – deydi Shahrisabz “Agropilla” MCHJ raisi Bekzod Ergashev. – Bundan tashqari, tumanimiz hududlarida ipak qurtlarini boqayotgan fermer xo‘jaliklarining pilla boquvchilari va tutzorlarga biriktirilgan kasanachilar ipak qurtlari bilan birgalikda kerakli inventarlar: o‘rama qog‘oz, termometr, plyonkalar bilan to‘liq ta’minlangan. Joriy yilda 1 kilogramm pilla xomashyosining o‘rtacha xarid narxi 40 ming so‘m qilib belgilandi.
Tumandagi Chorbog‘ mahalasidagi 8 ta fermer xo‘jaligi va 12 nafar kasanachi ham ayni kunlarda pilla qurti boqish bilan mashg‘ul.
[gallery-17218]
Masalan, hududdagi “Umirov Akobir” fermer xo‘jaligining 30 gektar yer maydoni bor. Xo‘jalik a’zolariga yer maydoni hajmidan kelib chiqib, besh quti pilla qurti tarqatilgan.
– Ayni paytda parvarishlanayotgan pilla qurtimiz ikkinchi uyqudan turdi, – deydi Guljahon Nuraliyeva. – Har yili 300 kilogramm atrofida pilla topshiramiz. Uni parvarishlash uchun hamma sharoitlar qilingan. Besh nafar mahallamizdagi xotin-qizni mavsumiy ish bilan ta’minlaganmiz. Beriladigan ish haqidan tashqari ularga bir yillik mehnat staji ham yoziladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari