Peterburg-2026: O‘zbekiston – Yevrosiyo kun tartibini shakllantirayotgan davlatlardan biri
Peterburg xalqaro iqtisodiyot forumi (PXIF-2026) bu yil nafaqat iqtisodiy hamkorlik maydoni, balki yangi global tartib shakllanayotgan sharoitda davlatlarning strategik qarashini namoyon etadigan muhim siyosiy-iqtisodiy platforma sifatida namoyon bo‘ldi.
Geosiyosiy raqobat kuchayib, xalqaro iqtisodiy munosabatlar yangi bosqichga o‘tayotgan bir paytda forum ishtirokchilari dunyo iqtisodiyotining kelajak manzarasi yuzasidan fikr almashdilar .Siyosiy fanlar doktori Sayfiddin Jo‘rayev ta’kidlashicha, mazkur anjumanda O‘zbekistonning maqomi odatiy ishtirokchi darajasidan ancha yuqori bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi delegatsiya forumning eng muhim tadbirlarida qatnashib, Yevrosiyo makonida iqtisodiy hamkorlik, texnologik rivojlanish va investitsiyaviy sheriklikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha muhim yondashuvlarni ilgari surdi. E’tiborli jihati shundaki, Toshkent bu safar faqat tashqi tashabbuslarga munosabat bildiruvchi tomon emas, balki mintaqaviy va xalqaro kun tartibini shakllantirishga hissa qo‘shayotgan mustaqil siyosiy-iqtisodiy markaz sifatida maydonga chiqdi.
PXIF-2026 doirasida mamlakatimiz kun tartibining asosiy mazmuni investitsiya jalb qilish, yuqori texnologiyaga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, energetika xavfsizligini ta’minlash va tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish masalalarini umumlashtirdi. Bu yo‘nalishlar davlatimizning keyingi o‘n yillik rivojlanish strategiyasi bilan uzviy bog‘liq ekani ahamiyatli .
Investitsiya uchun yangi chaqiriq: O‘zbekistonning global kapital uchun jozibadorligi
Plenar majlisda so‘zga chiqqan Prezidentimiz xorijiy sarmoyadorlarga murojaat qilib, mamlakatda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yangi sanoat zanjirini shakllantirishda ishtirok etishni taklif qildi. Bu chaqiriq ortida faqat investitsiya jalb qilish maqsadi emas, balki milliy iqtisodiyotni xom ashyo eksportidan yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarish modeliga o‘tkazish strategiyasi mujassam.
So‘nggi yillarda respublikamiz iqtisodiyotida amalga oshirilgan institutsional islohotlar aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda. Bozor mexanizmi kengayishi, xususiy mulk huquqi mustahkamlanishi, tadbirkorlik muhiti liberallashtirilishi va tashqi iqtisodiy aloqa erkinlashtirilishi mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini sezilarli darajada oshirdi.
Forumda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ham mamlakat iqtisodiyoti kelgusi qiyofasini belgilashi mumkin. Ayni jarayonda sanoatni qayta ishlash tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, biologiya-kimyo, robot texnikasi, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt hamda zamonaviy infratuzilma loyihalari alohida o‘rin egallaydi .Yana bir muhim jihat: Toshkent investorlarga faqat ichki bozor imkoniyatini taklif qilish bilan cheklanmay, o‘zini Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun ishonchli hududiy platforma sifatida taqdim etmoqda. Geografik joylashuv, transport yo‘laklari rivoji va qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqa kengayishi mamlakatni mintaqadagi muhim logistika va ishlab chiqarish markazlaridan biriga aylantirmoqda.
Shu nuqtai nazardan PXIF-2026 doirasida yangragan chaqiriq qisqa muddatli iqtisodiy manfaat emas, balki yurtimizning yangi industrial taraqqiyot bosqichiga o‘tish strategiyasi tarkibiy qismi sifatida baholanmoqda.
Ko‘p qirrali tashqi siyosat natijasi
Forumda xalqaro ekspertlar O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim xususiyatiga e’tibor qaratdi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashqi aloqani bir yo‘nalishga bog‘lab qo‘yish emas, balki turli geosiyosiy markazlar bilan muvozanatli hamkorlik qilish tamoyili asosida harakatlanmoqda.
Toshkent Moskva, Pekin, Bryussel, Rim va mintaqaning boshqa poytaxtlari bilan bir vaqtning o‘zida samarali munosabat o‘rnatgan. Bunday siyosat tashqi iqtisodiy imkoniyatni kengaytirish barobarida beqaror dunyo sharoitida mamlakatning mavjud imkoniyatini ham kengaytiradi.
PXIF-2026 ayni siyosatning amaliy natijasini namoyon qildi. Shavkat Mirziyoyev Rossiya, Xitoy va Afrika qit’asi vakili – Tanzaniya rahbariyati bilan bir maydonda chiqish qilishi O‘zbekistonning xalqaro nufuzi ortib borayotganidan dalolat .Mutaxassislar ta’kidlayotganidek, Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlik muhitini shakllantirishda Toshkentning roli yil sayin kuchaymoqda. Bu mamlakatni nafaqat mintaqa ichidagi muhim ishtirokchi, balki Yevrosiyo makonidagi muhim muloqot markaziga aylantirmoqda.
Yangi dunyo tartibida O‘zbekistonning o‘rni
PXIF-2026 davomida global iqtisodiyot qayta shakllanishi mavzusiga alohida o‘rin ajratildi. Transport yo‘laklari o‘zgarishi, ta’minot zanjiri qayta taqsimlanishi, raqamli texnologiya jadal rivojlanishi va SI iqtisodiy jarayonga chuqur kirib borishi davlatlar oldiga yangi vazifa qo‘ymoqda.
Davlatimiz rahbari ma’ruzada shu jarayonga urg‘u berib, raqobat tabiiy resursdan texnologiya, logistika va intellektual yechimga ko‘chayotganini ta’kidladi. Bu fikr iqtisodiy siyosatimizning keyingi bosqichini tushunish uchun muhim ahamiyatga ega. Zero, mamlakatimiz o‘z taraqqiyot yo‘lini arzon resurs yoki mehnat kuchi emas, balki innovatsiya, bilim va yuqori texnologiyaga tayangan holda qurishni maqsad qilgan .Ayni payt ichki barqarorlikni saqlash masalasi ham ustuvorlik kasb etmoqda. So‘nggi yillarda aholi daromadi o‘sishi, ijtimoiy soha ijobiy o‘zgarishi, iqtisodiy faollik ko‘lami kengayishi diyorimizning tashqi iqtisodiy ochiqligi bilan uyg‘un holda rivojlanmoqda. Bu O‘zbekistonning tashqi siyosiy faolligi mustahkam ichki asosga tayanganini ko‘rsatadi.
Texnologiya sherikligi va Yevrosiyoda O‘zbekistonning yangi mavqei
Yuqorida qayd etilganidek, PXIF-2026 respublikamiz uchun investitsiya imkoniyatini namoyish etish va ko‘p qirrali tashqi siyosatni tasdiqlash maydoni bo‘ldi. Anjuman yakunini chuqurroq tahlil qilish ko‘rsatadiki, Sankt-Peterburgdagi an’anaviy iqtisodiy hamkorlik doirasidan ko‘ra kengroq qamrovga ega uchrashuv va kelishuvlar energetika, texnologiya, raqamlashtirish, inson kapitali va madaniy diplomatiya kabi strategik sohalarda uzoq muddatli sheriklik manzarasini shakllantirishga qaratilgan .
Atom energetikasi: O‘zbekistonning texnologik taraqqiyot bosqichiga o‘tishi
PXIF-2026 doirasidagi yana bir muhim voqea Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi birinchi energiya majmuasi qurilishi boshlangani e’lon qilinishidir. Bu loyiha energetika sohasidagi navbatdagi oddiy investitsiya dasturi emas, balki mamlakatning sanoat va texnologik rivojlanishi strategiyasida yangi bosqichni boshlab bergan voqelik sifatida baholanmoqda.
Jahon tajribasi ko‘rsatadiki, atom energetikasiga ega davlatlar yuqori texnologiya sohasida raqobatbardosh iqtisodiy tizim shakllantirish uchun mustahkam asosga ega. Zero, mazkur tarmoq faqat energetika bilan cheklanmay, muhandislik, ilmiy tadqiqot, raqamli boshqaruv tizimi, materialshunoslik va yuqori malakali kadrlar tayyorlash kabi muhim yo‘nalishlarni ham qamrab oladi.
Shu nuqtai nazardan Jizzaxda barpo etilayotgan AES O‘zbekistonning kelajak texnologiya salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan strategik loyiha. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu voqeani tarixiy ahamiyatga ega, deya baholaganiga asosiy sabab ham shu .Ayniqsa, tashabbus xalqaro standart asosida amalga oshirilayotgani nafaqat energetika xavfsizligini mustahkamlaydi, balki mamlakatning yuqori texnologiyali davlat sifatidagi imijini ham kuchaytiradi.
Strategik sheriklikning yangi mazmuni
Forum doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Rossiya oliy darajadagi muzokaralari ikki davlat munosabati yangi bosqichga o‘tayotganini namoyon qildi. Avvallari hamkorlik asosan savdo aylanmasi va xom ashyo bilan bog‘liq edi. Bugun esa aloqalar yuqori texnologiya va innovatsion iqtisodiyotga ham ko‘chmoqda.
TDSHU mustaqil tadqiqotchisi Aqlbek Tilavoldiyev hozir ikki mamlakat ishtirokida energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida yuzdan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratib, PXIF-2026 davomida ilgari surilgan tashabbuslar esa sheriklikning kelajakdagi qiyofasi haqida yanada kengroq tasavvur berishini ta’kidlaydi.
Xususan, o‘zaro bog‘liq ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishga qaratilgan “Yevrosiyo makonida texnologiya industriallashuvi” g‘oyasi mintaqa mamlakatlarida sanoat kooperatsiyasini yangi bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, qo‘shma raqamli ekotizimni shakllantirish, raqamli savdo platformalarini o‘zaro uyg‘unlashtirish va SI asosida mahsulot yaratish taklifi ham iqtisodiy munosabat yangicha uslubga o‘tayotganidan darak beradi.
E’tiborli jihat shundaki, mazkur tashabbuslar iqtisodiy ko‘rsatkichni oshirib, texnologiya mustaqilligini kuchaytiradi .
Инсон kapitali – raqobatning asosiy omili
Замонавiй dunyoda davlatlar raqobatbardoshligi tabiiy resurs yoki hudud hajmi emas, balki inson kapitali sifati bilan belgilanmoqda. Shu bois PXIF-2026-maydonida ko‘tarilgan ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozorini o‘zaro bog‘laydigan qo‘shma platformalar tashkil etish tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi .O‘zbekiston aholisining salmoqli qismi yoshlar. Bu mamlakatimiz uchun ulkan demografik ustunlik. Ushbu imkoniyatdan samarali foydalanish uchun esa mehnat bozori talabiga mos bilim va ko‘nikmani shakllantirish zarur.
Forumda muhokama qilingan inson kapitaliga oid g‘oyalar aynan shu vazifaga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Zero, raqamli iqtisodiyot va yuqori texnologiya davrida investitsiya oqimi ko‘p jihatdan kadrlar salohiyatiga bog‘liq bo‘lib bormoqda.
Madaniy diplomatiya: yumshoq kuchning o‘zbek modeli
ПХИФ-2026 iqtisodiy forum bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonning madaniy dasturlari ham ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Bu holat mamlakat tashqi siyosatining muhim xususiyatini ko‘rsatadi: iqtisodiy hamkorlik madaniy va gumanitar aloqalar bilan mustahkamlangandagina barqaror natija beradi .Sankt-Peterburgda tashkil etilgan opera namoyishi, muzey ko‘rgazmasi va kreativ tashabbuslar o‘lkamizning boy madaniy merosini xalqaro auditoriyaga yanada kengroq tanitish imkonini berdi .Ayniqsa “Samarqanddan Peterburgga” madaniy yo‘lak tashabbusi ikki mamlakat gumanitar aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasiz. Bunday loyihalar nafaqat turizmni rag‘batlantiradi, balki xalqlar o‘rtasida uzoq muddatli ishonch muhitini shakllantiradi .Umuman, zamonaviy xalqaro munosabatlarda madaniy diplomatiya tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bir payt O‘zbekiston mazkur yo‘nalishdan tashqi siyosiy imkoniyatni kengaytirish vositasi sifatida foydalanmoqda.
PXIF-2026: O‘zbekiston uchun qanday xulosa berdi?
Форум yakuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston tashqi iqtisodiy strategiyasi sifat jihatidan yangi bosqichga kirib bormoqda. Mamlakat endilikda faqat sarmoya qabul qiluvchi bozor emas, balki texnologiya, logistika, energetika va innovatsiya sohasida sheriklik taklif qila oladigan davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Sankt-Peterburgda ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlar iqtisodiy o‘sishni ta’minlash barobarida respublikamizning xalqaro mavqeini mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Ayniqsa, atom energetikasi, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va inson kapitali sohalariga ustuvor e’tibor qaratilayotgani mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot modelini belgilamoqda.
Xullas, Yangi O‘zbekiston endi Yevrosiyodagi iqtisodiy jarayonning oddiy ishtirokchisi emas, balki hamkorlik, texnologiya va taraqqiyotni birlashtira oladigan muhim markazdir. Yurtimizning xalqaro nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘sha oladigan PXIF-2026 anjumani esa diyorimizning kelgusi o‘n yilliklardagi strategik rivojlanishi yo‘nalishlarini ham belgilab berii mumkin .
Musulmon Ziyo, O‘zA