Pentagon Yevropadagi harbiy ishtirokini qayta ko‘rib chiqmoqda
Qo‘shma Shtatlar Yevropada joylashtirilgan harbiy kuchlari bo‘yicha keng qamrovli tahlilni boshladi. Vashington bu qadam orqali NATOda mas’uliyat taqsimotini o‘zgartirishni maqsad qilganini bildirdi. Rasmiylarga ko‘ra, kelgusida qit’a xavfsizligi uchun asosiy yukni Yevropa davlatlari o‘z zimmasiga olishi lozim.
AQSH mudofaa vaziri o‘rinbosari Elbridj Kolbining ta’kidlashicha, o‘rganish natijalari NATOni yanada barqaror va teng huquqli tuzilmaga aylantirishi kutilmoqda. Avvalroq, Pentagon rahbari Pit Xegset ham shunday reja haqida ma’lum qilgan edi. Uning fikricha, ayrim davlatlar mudofaa sohasidagi majburiyatlarini to‘liq bajarsa, boshqalari belgilangan talablarga javob bera olmaydi.
So‘nggi oylarda Oq uy Yevropa davlatlarini mudofaa xarajatlari va tashqi xavflarga munosabati uchun bir necha bor tanqid qildi. Ayniqsa, Eron atrofidagi mojaro vaqtida ayrim mamlakatlar Amerika kuchlariga o‘z harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bermagani keskin bahslarga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, Vashington mudofaa xarajatlari oshirilmasa, alyansga ajratiladigan moliyaviy hissani kamaytirishi mumkinligini ham bildirgan.
Yevropa poytaxtlarida bu qaror kutilmagan yangilik bo‘lmadi. Germaniya kansleri Fridrix Mers qit’a xavfsizligi uchun Yevropa davlatlari ko‘proq mas’uliyat olishi zarurligini aytdi. Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen hamda NATO bosh kotibi Mark Ryutte esa alyans kelajakda Amerikaga kamroq, Yevropa imkoniyatlariga esa ko‘proq tayanishi kerakligini ta’kidladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA