Pensiya ta’minoti tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? – Mutaxassis javob berdi
Mamlakatimizda aholi farovonligini ta’minlash, fuqarolarning keksalik davrida munosib ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda pensiya ta’minoti tizimining uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida sohada qator islohotlarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi farovonligini ta’minlash va pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida pensiya tayinlash va hisoblash mexanizmlarini takomillashtirish, fuqarolarning mehnat faoliyati va to‘lagan ijtimoiy soliqlarini pensiya miqdorida adolatliroq aks ettirish, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish hamda sohada raqamli xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha muhim takliflar ilgari surilgan.
Ushbu o‘zgarishlarning maqsadi, pensiya hisoblash tartibi, ish stajiga qo‘yiladigan talablar, pensiya yoshini bosqichma-bosqich o‘zgartirish va jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi bo‘yicha takliflar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Pensiya ta’minoti tizimini istiqbolli rivojlantirish va axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i Sardor Fayzullayev bilan suhbatlashdik.
Avvalo, pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish zarurati qaysi omillar bilan izohlanadi? Bugungi kunda tizim oldida turgan asosiy vazifalar va mavjud muammolar nimalardan iborat?
– Bugungi kunda pensiya tizimi oldidagi asosiy vazifalardan biri aholining keksalik davrida munosib ijtimoiy himoyasini ta’minlash bilan birga, tizimning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini saqlashdan iborat.
Iqtisodiy faol aholi 15,7 million nafarni tashkil etadi. Ularning 8,6 millioni rasmiy mehnat qilsa, 4,9 millioni norasmiy sektorda faoliyat yuritadi, 1,4 million kishi esa xorijda ishlayapti. Natijada iqtisodiy faol aholining qariyb 55 foizi rasmiy mehnat asnosida ijtimoiy soliq to‘lash tizimi bilan qamrab olingan.
Moliyaviy ko‘rsatkichlar ham tizimdagi mavjud holatni ko‘rsatadi. 2025-yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 56,1 trillion so‘mni, xarajatlari esa 77,2 trillion so‘mni tashkil etgan. O‘rtadagi 21,1 trillion so‘mlik tafovut davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplangan. Agar amaldagi tendensiyalar saqlansa, 2040-yilga borib byudjetdan Pensiya jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘larga ehtiyoj 91 trillion so‘mga yetishi mumkin.
Bundan tashqari, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ham oshmoqda. 1993-yilda bu ko‘rsatkich 67,9 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 75,4 yoshga yetgan. Ayollarda bu ko‘rsatkich 77,3 yosh, erkaklarda esa 72,9 yoshni tashkil etgan.
Mehnat faoliyatini davom ettirayotgan pensionerlar soni ham 2018-yildagi 180 ming nafardan bugungi kunda 480 ming nafarga yetgan.
Shu sababli, tizimni bosqichma-bosqich takomillashtirish, pensiya miqdorida fuqaroning mehnat faoliyati va to‘lagan ijtimoiy soliqlarini yanada adolatli aks ettirish muhim vazifa sifatida belgilanmoqda.
Pensiya hisoblash tartibi bo‘yicha amalda qanday qoida mavjud va farmon loyihasida bu borada qanday o‘zgarishlar taklif etilmoqda?
– Amalda pensiya hisoblashda belgilangan tartib asosida fuqaroning ish haqi va mehnat staji inobatga olinadi. Farmon loyihasida esa fuqaroning uzoq yillik mehnat faoliyatini pensiya miqdorida yanada kengroq aks ettirish taklif qilinmoqda.
Jumladan, 2027-yil 1-yanvardan boshlab pensiya hisoblash uchun ish haqi olinadigan davrni bosqichma-bosqich uzaytirish nazarda tutilgan. Bunda 5 yillik davr har yili bir yildan qo‘shib borish natijasida 20 yilgacha oshiriladi. Eng kam ish haqi olingan davrning 10 foizi hisob-kitobdan chiqarib tashlanadi.
Shuningdek, yoshga doir pensiya tayinlash uchun talab etiladigan eng kam ish stajini ham oshirish taklif qilinyapti. Hozirgi 7 yillik talab har yili bir yildan ko‘paytirilib, 2034-yilga borib 15 yilga yetkaziladi. Masalan, 2027-yilda 8 yil, 2028-yilda 9 yil, 2030-yilda 11 yillik ish staji talab etiladi.
Belgilangan eng kam stajga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, pensiyaga chiqishni ixtiyoriy ravishda kechiktirgan fuqarolarni rag‘batlantirish taklif etiladi. 2028-yil 1-apreldan boshlab birinchi pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi bazaviy hisoblash miqdorining 12 baravaridan 13 baravariga oshiriladi. Agar fuqaro pensiyaga chiqishni 6 oyga kechiktirsa, ushbu chegara 14 baravar, 12 oyga kechiktirsa, 15 baravar etib belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha mazkur hujjat loyihasida qanday mexanizmlar nazarda tutilmoqda?
– Farmon loyihasida fuqarolarning kelgusidagi pensiya ta’minoti uchun shaxsiy mablag‘ jamg‘arish imkoniyatlarini kengaytirish mo‘ljallangan.
Xususan, 2027-yildan boshlab oylik ish haqi 7,6 million so‘mgacha bo‘lgan fuqarolar o‘z xohishiga ko‘ra ish haqining 5 foizini shaxsiy pensiya hisobvarag‘iga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi. Bunda davlat tomonidan ham ushbu mablag‘ning 50 foizigacha bo‘lgan qismi tabaqalashtirilgan tartibda qo‘shib berilishi taklif etilyapti.
Oylik daromadi 7,6 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun belgilangan chegaradan ortiq daromadning 1 foizini ijtimoiy soliq hisobidan shaxsiy pensiya hisobvarag‘iga yo‘naltirish mexanizmi taklif etilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2033-yildan 2 foizga, 2040-yildan esa 3 foizga yetkaziladi.
Jamg‘arilgan mablag‘lar hamda ularni investitsiya qilishdan olingan daromad fuqaroning shaxsiy mulki hisoblanadi va meros qilib qoldirilishi mumkin.
Shu bilan birga, 2027-yil yakuniga qadar xususiy va korporativ pensiya fondlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasini ishlab chiqish taklif etilyapti.
Pensiya yoshini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar qay tartibda amalga oshirilishi rejalashtirilgan? Bunda amaldagi pensiya yoshidagi fuqarolar, pensiyaga yaqin qolgan shaxslar va kelgusida pensiyaga chiqadigan fuqarolar uchun qanday huquqiy va ijtimoiy kafolatlar saqlanadi?
– Farmon loyihasida pensiya yoshini keskin emas, balki bosqichma-bosqich o‘zgartirish taklif qilinmoqda. Jumladan, 2028-yil 1-yanvardan boshlab umumiy pensiya yoshi har yili 3 oydan oshirib boriladi. Natijada 2039-yilga kelib erkaklar uchun pensiya yoshi 63 yoshga, ayollar uchun 58 yoshga yetkaziladi. Ya’ni, pensiya yoshi birdaniga 3 yilga oshirilmaydi. O‘zgarishlar bir necha yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, mehnat bozorida fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan kafolatlar ham nazarda tutilmoqda. Xususan, ish beruvchilarga xodimni pensiyaga chiqish arafasidagi yoshi tufayli ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilmaslikka yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolar uchun umumiy pensiya yoshiga ikki yil qolganda pensiyaga erta chiqish huquqi saqlab qolinadi. Og‘ir, zararli va yerosti ishlarida mehnat qilganlar uchun imtiyozli pensiya tayinlash tartibi ham saqlanadi.
Pensionerlar uchun amaldagi soliq, transport va tibbiy xizmatlar bo‘yicha imtiyozlar ham o‘zgarishsiz qoladi. Jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish yoshi esa erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh etib belgilanishi taklif qilinmoqda.
Pensiya tizimini demografik o‘zgarishlarga moslashtirish bo‘yicha takliflar xorijiy tajriba va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari bilan ham bog‘liqmi?
– Ha, pensiya tizimini takomillashtirishda xalqaro tajriba va tavsiyalar ham inobatga olingan. Jahon bankining 2022-yilgi hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2022, 2024 va 2025-yillardagi hisobotlarida O‘zbekistonda pensiya yoshini hamda pensiya olish uchun talab etiladigan ish stajini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Shu nuqtai nazardan, farmon loyihasida pensiya yoshini keskin emas, balki demografik o‘zgarishlarga mos ravishda bosqichma-bosqich oshirish taklif etilmoqda. Xususan, 2028-yil 1-yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oydan oshirib borish va 2039-yilga kelib erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Bunda pensiya yoshining birdaniga 3 yilga oshirilishi ko‘zda tutilmagan. Shuningdek, pensiyaoldi yoshidagi fuqarolarni himoya qilish bo‘yicha qator kafolatlar saqlanadi. Jumladan, fuqaroni pensiyaoldi yoshi sababli ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilmaslikka yo‘l qo‘yilmaydi, ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarning umumiy pensiya yoshiga ikki yil qolganda muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqi saqlanadi.
Og‘ir, zararli va yerosti ishlarida mehnat qilgan fuqarolarning imtiyozli pensiya huquqi, shuningdek, pensionerlarga beriladigan soliq, transport va sog‘liqni saqlash sohasidagi imtiyozlar ham saqlab qolinadi. Bundan tashqari, umumiy pensiya yoshi bosqichma-bosqich oshirilsa ham, jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini erkaklar 60 yoshdan, ayollar 55 yoshdan olish huquqini saqlab qolish taklif etilmoqda.
Taklif etilayotgan islohotlar amalda pensiya olayotgan fuqarolarga ham taalluqlimi? Shuningdek, pensiya tizimida raqamlashtirish bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
– Farmon loyihasidagi o‘zgarishlarning asosiy qismi bosqichma-bosqich joriy etiladi va asosan kelgusida pensiyaga chiqadigan fuqarolarga taalluqli bo‘ladi. Amalda pensiya olayotgan fuqarolarning pensiya miqdoriga ushbu takliflar ta’sir qilmaydi.
Tizimda aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarni yanada qulaylashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Hozir “Pensiya” axborot tizimi boshqa vazirlik va idoralardan 77 turdagi ma’lumotni elektron shaklda oladi.
Pensiya jamg‘armasi tomonidan 25 turdagi xizmat va funksiya amalga oshirilayotgan bo‘lib, ularning 18 tasi elektron va proaktiv shaklda ko‘rsatiladi. Jumladan, 5 ta proaktiv, 7 ta interaktiv va 6 ta kompleks xizmat mavjud.
2025-yilda qariyb 3,8 millionta xizmat elektron va proaktiv shaklda ko‘rsatilgan. Shundan 778 mingtasi proaktiv, 779 mingtasi interaktiv, 2,3 milliontasi kompleks xizmatlarni tashkil etgan.
2027-yildan esa sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda barcha xizmatlarni elektron va proaktiv shaklga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Buning natijasida fuqarolarga xizmat ko‘rsatish jarayonini yanada soddalashtirish va qulaylashtirish maqsad qilingan.
Umuman olganda, taklif etilayotgan o‘zgarishlarning asosiy maqsadi fuqarolarni keksalik davrida munosib ijtimoiy himoya qilish, ularning umri davomidagi mehnat faoliyatini pensiya tayinlashda adolatliroq hisobga olish, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish hamda pensiya tizimining uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlashdan iborat.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi.