Pedagog attestatsiyadan necha ball to‘plasa malaka toifasi saqlanadi yoki oshadi?
Qonunda mavjud tartibga asosan, o‘qituvchining malaka toifasi nafaqat uning kasbiy mahoratini, balki mehnatiga to‘lanadigan haq miqdorini ham belgilaydi.
Shu bois attestatsiyada to‘plangan har bir ball muhim: ayrim hollarda bir necha ball farqi yuqori toifani saqlab qolish yoki quyi toifaga tushishga sabab bo‘lishi mumkin.
Xo‘sh, pedagoglar qaysi natija bilan attestatsiyadan o‘tadi, malaka toifasini oshirish uchun qancha ball kerak va imtihondan yetarli ball to‘play olmaganlarni qanday o‘zgarishlar kutmoqda?
Mazkur savol borasida soha mas’ullari quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi tegishli qarori, pedagog kadrlarning attestatsiya natijalari ularning amaldagi malaka toifasi yoki lavozimidan kelib chiqib baholanadi. Qayd etilishicha, oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun asosiy chegara — 80 ball. Ikki bosqich natijalari bo‘yicha 80 ball yoki undan yuqori ko‘rsatkich to‘plagan pedagogning oliy malaka toifasi saqlanadi. 80 balldan kam natija qayd etilsa, navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilganlar bundan mustasno, u birinchi malaka toifasiga tushiriladi.
Aslida qaysi toifa uchun necha ball kerak?
Oliy malaka toifali yoki bosh o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr ikkita bosqich natijalariga ko‘ra:
80 ball va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi) saqlangan;
80 balldan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tmagan, birinchi malaka toifasiga (yetakchi o‘qituvchi lavozimiga) tushirilgan (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno);
Birinchi malaka toifali yoki yetakchi o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr ikkita bosqich natijalariga ko‘ra:
80 ball va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi) berilgan;
70 balldan 79 ballgacha ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, birinchi malaka toifasi (yetakchi o‘qituvchi lavozimi) saqlangan;
70 balldan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tmagan, ikkinchi malaka toifasiga (katta o‘qituvchi lavozimiga) tushirilgan (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno);
Ikkinchi malaka toifali yoki katta o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr ikkita bosqich natijalariga ko‘ra:
70 ball va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, birinchi malaka toifasi (yetakchi o‘qituvchi lavozimi) berilgan;
60 balldan 69 ballgacha ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, ikkinchi malaka toifasi (katta o‘qituvchi lavozimi) saqlangan;
60 balldan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tmagan, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimiga tushirilgan (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno);
Mutaxassis yoki oliy ma’lumotli o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr ikkita bosqich natijalariga ko‘ra:
60 ball va undan yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, ikkinchi malaka toifasi (katta o‘qituvchi lavozimi) berilgan;
55 balldan 59 ballgacha ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tgan, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimi saqlangan;
55 balldan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lsa — attestatsiyadan o‘tmagan, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno) hisoblanadi.
Qarorda pedagoglarni himoya qiluvchi muhim qoida ham bor. Navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog belgilangan natijaga erisha olmasa, uning malaka toifasi pasaytirilmaydi va u lavozimiga nomuvofiq deb hisoblanmaydi. Bu qoida navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashgan pedagogning natijasi past bo‘lgan taqdirda ham amaldagi toifasi yoki lavozimini saqlab qolishini anglatadi.
Bir necha ball butun natijani o‘zgartirishi mumkin
Masalan, birinchi malaka toifasidagi pedagog 79 ball to‘plasa, amaldagi toifasi saqlanadi. 80 ball to‘plasa esa oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi mumkin. Ikkinchi toifadagi pedagog uchun esa 69 va 70 ball o‘rtasidagi farq birinchi toifaga ko‘tarilishni belgilaydi. Demak, attestatsiyaga tayyorgarlik ko‘rishda faqat imtihondan o‘tishni emas, balki keyingi malaka bosqichiga olib chiqadigan ball chegarasini ham hisobga olish zarur.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ushbu mezonlar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi tegishli qarorida keltirilgan qoidalar asosida bayon etildi. Amaldagi tartib va keyingi o‘zgarishlarni rasmiy manbalar orqali tekshirish tavsiya etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA