Paxtaning kelajagi dalaning o‘zida emas, ilm-fan, texnologiya va bozor o‘rtasida shakllanadi
Paxta bugun nafaqat qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i, balki millionlab insonlar daromadi, sanoat zanjiri va jahon savdosi bilan bog‘liq strategik mahsulot hisoblanadi.
Shu bois paxta yetishtirishda hosildorlik bilan bir qatorda, suv va boshqa resurslardan oqilona foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro paxta kuni munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirda 30 dan ortiq davlat vakillarining ishtirok etayotgani ham sohaning global ahamiyatini ko‘rsatadi. Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikdagi ushbu muloqotda paxtachilikning bugungi holati bilan birga uning ertangi qiyofasi haqida ham fikr yuritilmoqda.
Davlatimiz rahbarining Xalqaro paxta kuni hamda Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida qayd etilganidek, o‘zbek dehqonlari paxtachilik bo‘yicha ulkan tajribaga ega. Keyingi yillarda amalga oshirayotgan tub islohotlar tufayli bu soha yangi bosqichga ko‘tarildi. Izlanuvchan olimlarimiz tomonidan g‘o‘zaning 300 ga yaqin ertapishar navi yaratildi. Paxta ekish, parvarishlash, yig‘ib olish jarayoni to‘liq mexanizatsiyalashtirildi. Bugungi kunda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga dehqon-fermerlarimiz gektaridan 100 sentnergacha paxta hosili olmoqda.
Paxtachilikning kelajagini belgilaydigan eng muhim omillardan biri — suv. Iqlim o‘zgarishi, suv resurslariga bo‘lgan talabning ortishi va qishloq xo‘jaligida samaradorlikka ehtiyoj kuchayishi paxta yetishtirishda har bir tomchi suvning qiymatini oshirmoqda. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy paxtachilikda hosildorlikning o‘zi yetarli mezon emas. Bir gektardan olingan hosil bilan birga uni yetishtirish uchun qancha suv, o‘g‘it, yoqilg‘i va mehnat sarflangani ham muhim.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda paxtachilikda resurs tejamkor texnologiyalarga e’tibor kuchayib borayotgani ana shu global tendensiya bilan uyg‘un. “8 ta qonun” tamoyili asosida ish tashkil etilishi ham paxta yetishtirish jarayonini ilmiy asosda boshqarishga intilishning bir ko‘rinishidir. Ekishdan tortib parvarishlash, oziqlantirish, o‘suv davrini nazorat qilish va hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olishgacha bo‘lgan jarayonlarda aniq agrotexnik talablarni ta’minlash hosildorlikni oshirish bilan birga resurslardan samarali foydalanishga xizmat qilishi kerak.
Mamlakatimizning ayrim hududlarida fermerlar gektaridan 70–80 sentner, ilg‘or xo‘jaliklarda esa 100 sentnergacha paxta olayotgani sohadagi texnologik imkoniyatlar kengayayotganidan dalolat beradi. Biroq, yuqori hosildorlikni umumiy natija sifatida qabul qilish bilan cheklanib qolmaslik lozim. Chunki paxtachilikning iqtisodiy samaradorligi bir gektardan qancha hosil olingani bilan emas, balki ushbu hosil qancha xarajat evaziga yetishtirilgani bilan ham belgilanadi.
Paxtaning kelajagi dalaning o‘zida emas, ilm-fan, texnologiya va bozor o‘rtasida shakllanadi.

Paxta mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixining bir qismi bo‘lish bilan birga, sanoat va eksport salohiyatini oshirish uchun ham katta imkoniyat. Shu bois bugungi vazifa paxta maydonlarini ko‘paytirish emas, mavjud imkoniyatdan aqlliroq va samaraliroq foydalanish. Paxtaning yangi qiymati ham aynan shunda — bir gektardan olingan hosilda emas, balki har bir gektar, har bir tomchi suv va har bir kilogramm toladan qancha iqtisodiy qiymat yarata olishimizda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA