Paxtakorda «Turon» maktab teatri tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida «Turon» maktab teatri respublika tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning sahna madaniyati va notiqlik mahoratini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda tumandagi 19 ta umumta’lim maktabidan 152 nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi. Ishtirokchilar belgilangan ikki shart asosida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, badiiy chiqishlar hamda milliy kuy-qo‘shiqlar ijrosi orqali o‘z mahoratini namoyon etdilar.
— Ushbu tanlov yoshlarimizning ma’naviy dunyosini boyitish, ularda milliy tarix va adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Paxtakor tuman bo‘limi rahbari Ilhom Xoliqov. — Sahna chiqishlarida o‘quvchilarning aktyorlik mahorati bilan birga yuksak ma’naviy qarashlari ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Maqsadimiz — teatr san’ati orqali yoshlarda ezgu insoniy fazilatlarni shakllantirish va iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash.
[gallery-27980]
— Tanlovga uzoq vaqt davomida jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik, - deydi ishtirokchi Gulasal Anorboyeva. — Sahnadagi obrazlar orqali tengdoshlarimizga ezgulik va vatanparvarlik g‘oyalarini yetkazishga harakat qildik. Bunday tanlovlar yoshlar uchun o‘z iqtidorini namoyon etish va tajriba orttirishda muhim maydon hisoblanadi.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning sahna madaniyati, ijodiy yondashuvi va jamoaviy uyg‘unligini baholadi. Qizg‘in kechgan bahslar natijasiga ko‘ra, 7-umumta’lim maktabi jamoasi birinchi o‘rinni, 11-maktab jamoasi ikkinchi va 2-maktab jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Tanlov yakunida g‘olib jamoalar tanlovning keyingi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
O‘zA fotomuxbiri
Jamshid YORBEKOV olgan surat va video