“Paxtakor” yangi mavsumga jiddiy tayyorlanmoqda
Shu kunlarda Toshkentning “Paxtakor“ futbol klubi Turkiyaning Antaliya shahridagi yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.
Turli mashg‘ulotlar, o‘yinchilarning holati va jismoniy tayyorgarligini nazorat qilish maqsadida poytaxtimizning bosh jamoasi yig‘in doirasidagi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvini Ozarbayjonning “Turon“ jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Uchrashuvning 10-daqiqasida Mahmud Mahamadjonov hisobni ochgan bo‘lsa, 82-daqiqada Bashar Resan oradagi farqni ikkitaga oshirib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” Antaliya shahridagi birinchi nazorat o‘yinida Ruminiyaning “Uneria Slobotsia“ klubini ham aynan 2:0 hisobida yenggan edi.

Endi “Paxtakor” 15 yanvar kuni “Karvina“ (Chexiya) jamoasiga qarshi uchinchi nazorat uchrashuvini o‘tkazadi. Shuningdek, yig‘in yakuniga qadar 18 yanvar kuni “Yelimay“ (Qozog‘iston), 26 yanvarda “Aktobe“ (Qozog‘iston) va 28 yanvar kuni esa “Sileks“ (Shimoliy Makedoniya) jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA