Paxta hosilini o‘z vaqtida yig‘ib olish — fermer daromadini oshirishning muhim omili
Paxtachilikda yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib-terib olish fermer xo‘jaliklari uchun muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu nafaqat shartnoma majburiyatlarining o‘z vaqtida bajarilishini, balki yaratib berilgan imtiyoz va subsidiyalardan samarali foydalanish imkonini ham ta’minlaydi.
O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a’zolari 2026-yil hosili uchun paxta yetishtirgan fermer xo‘jaliklarini terim mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilish va hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olishga chaqirdi.
Qayd etilganidek, yil davomida olib borilgan agrotexnik tadbirlar, fermerlarning tajribasi, qishloq xo‘jaligi xodimlari hamda Fermerlar kengashining tavsiyalari asosida paxta dalalarida mo‘l hosil yetishtirildi. Endi asosiy vazifa — uni nobudgarchiliksiz, sifatli va o‘z vaqtida yig‘ib olishdan iborat.
Fermerlar uchun qator imtiyozlar belgilangan
2026-yilda paxta yetishtirish, hosilni sifatli yig‘ib olish va mavsumni samarali tashkil etish maqsadida fermerlarga bir qator moliyaviy imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralari belgilangan.
Jumladan, 2026-yil 28-sentabrdagi PQ-354-sonli qarorga muvofiq, 2026-yil hosilini birja savdolari orqali sotgan paxta yetishtiruvchi sub’ektlarga har bir tonna uchun 500 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan.
Shuningdek, 2026-yil 12-sentabrdagi PQ-326-sonli qaror asosida fermer xo‘jaliklarining dizel yoqilg‘isi xaridi bilan bog‘liq xarajatlarini qisman qoplash mexanizmi joriy etilgan. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 1-dekabrga qadar tovar-xomashyo birjalarida xarid qilinadigan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 15 million so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda davlat subsidiyasi beriladi.
Prezidentning 2026-yil 8-maydagi PF-82-sonli Farmoni bilan paxta xomashyosini yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni belgilangan muddatlarda qaytargan xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham imtiyozlar nazarda tutilgan.
Xususan, kreditni shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga to‘langan foiz to‘lovining 2,5 foizi, hosil yili yakuniga — tegishli yilning 31-dekabriga qadar qaytargan xo‘jaliklarga esa to‘langan foiz to‘lovlarining 5 foizi qaytarib beriladi.
Bundan tashqari, fermer xo‘jaligining o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosi birja orqali sotilganda, rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan.
Terimni uyushqoqlik bilan tashkil etish muhim
Fermer xo‘jaliklari rahbarlariga paxta terimiga ishchi kuchini keng jalb etish, ularni munosib rag‘batlantirish va mehnati uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilish tavsiya etilmoqda.
Shu bilan birga, kichik konturlardagi paxtani terishni tashkil etish, dalalar chetlarini terib olish, paxta maydonlarini mashina terimiga mos holatga keltirish va terim mashinalaridan unumli foydalanish muhim.
Mavsum davomida terimga jalb etilgan ishchilar hamda paxta terish mashinalari uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilish ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Fermerlarga yana bir muhim tavsiya — terimga tayyor, paxtasi mavjud maydonlarni sug‘ormaslik. Chunki ortiqcha namlik paxtaning sifat ko‘rsatkichlariga va terim jarayonining samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ayni paytda terim jarayonida mehnat qonunchiligi va mehnatni muhofaza qilish talablariga qat’iy rioya etish, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik zarur.
Fermerlar manfaati himoya qilinadi
Paxta xomashyosini qabul qilish maskanlarida uni qabul qilish jarayonida noxolis munosabat yoki asossiz chegirmalarga yo‘l qo‘yilgan holatlarda fermerlar Fermerlar kengashining biriktirilgan mutaxassislariga murojaat qilishi mumkin.
Kengashning qishloq xo‘jaligi bo‘limi va agroinspeksiya bilan hamkorlikda fermerlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralari ko‘riladi.
O‘zbekiston fermerlari kengashi Rayosati a’zolari fermerlarni kuzning har bir kunidan unumli foydalanib, paxta hosilini qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib olishga chaqirmoqda.
Bu, o‘z navbatida, shartnoma majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish, davlat tomonidan yaratilgan imtiyoz va subsidiyalardan foydalanish hamda fermer xo‘jaliklari daromadini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zA