Parvarishdan — imkoniyat sari
«G‘amxo‘rlik» markazlarida vasiylikka olingan shaxslarga parvarish ko‘rsatish bilan bir qatorda, ularning jamiyatga moslashuvi va mustaqil hayotga tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda markazlarda mehnat terapiyasi yo‘lga qo‘yilib, har bir shaxsning imkoniyati va qiziqishi inobatga olingan holda turli faoliyat turlariga jalb etilmoqda.
Buning uchun markazlarda uy sharoitiga yaqin muhit yaratilib, mehnat qilish, o‘z qobiliyatini namoyon etish va kundalik ko‘nikmalarni shakllantirish uchun zarur sharoitlar ta’minlangan. Bunday yondashuv ularning o‘z imkoniyatlariga ishonchini oshirish, faol hayotga qaytish va imkoni boricha oila bag‘riga qaytarilishiga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi «G‘amxo‘rlik» markazida 70 nafar shaxs 11 yo‘nalishdagi mehnat terapiyasiga jalb etilgan. Ko‘chatchilik, gulchilik, tikuvchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi yo‘nalishlarda mehnat qilayotganlar o‘z ishining natijasini ko‘rmoqda.
[gallery-31749]
O‘tgan davrda ushbu faoliyat turlari orqali 67 million so‘mdan ortiq mablag‘ tushirildi. Bajarilgan mehnat uchun haq to‘lanib, mablag‘lar shaxsiy bank kartalariga o‘tkazilmoqda.
Biroq bu yerda asosiy natija daromad bilan emas, insonning o‘z imkoniyatlariga ishonchi ortib, mustaqil hayot sari qadam tashlayotgani bilan belgilanadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA