Partiya vakillari paxtakorlar davrasida
Saylovoldi tashviqotini “Davlat ham, islohotlar ham, avvalo insonga xizmat qilishi kerak” degan shior asosida olib borayotgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi faollari aholi gavjum joylardan unumli foydalanishga harakat qilayotir.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hududidagi “Sarabek bobo” fermer xoʻjaligi dala shiyponida tashkil etilgan galdagi targʻibot tadbiri ham gavjum boʻldi.
Partiya viloyat kengashi faollari paxta terayotgan hasharchilar huzuriga taniqli xonandalar bilan birga tashrif buyurdi.
Hozirgacha 100 tonnaga yaqin hosilni yigʻishtirib olib, shartnoma majburiyatini bajarish arafasida turgan xoʻjalik paxtakorlarining ruhi baland. Shuning uchun partiya faollarining saylovoldi dasturi haqidagi chiqishlarini ham koʻpchilik eʼtibor bilan tingladi. Eng muhimi, targʻibot guruhi tarkibida kelgan sanʼatkorlarning qoʻshiq va raqslari yigʻilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
– Paxta moʻl, terilgan paxtaning puli kunma kun berilmoqda, – deydi ilgʻor terimchilardan biri Manzura Qurbonova. – Bugungi tadbir ham xush kayfiyat bagʻishladi. Partiyalar oʻz dasturlarini targʻib qilib, tarafdor toʻplash uchun harakat qilayotgani jamiyatimizda yuz berayotgan yaxshi oʻzgarishlardan biri. Targʻibot maqsadida konsert ham qoʻyib berishgani bizga oʻzgacha kuch berdi. Odamning kayfiyati yaxshi boʻlsa, ishi ham barakali boʻladi.