Partiya va hokimlik hamkorligida sayyor qabul
Samarqand viloyatida aholi muammolarini o‘rganish va tezkor yechim topish maqsadida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida sayyor qabullar davom etmoqda.
Navbatdagi qabul Toyloqda mazkur tuman hokimligi va Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda aholi murojaatlari O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi raisi Ilhom Botirov, Toyloq tumani hokimi Behzod Rahmatullayev hamda mahalliy kengashlar deputatlari tomonidan tinglandi.
Qabulda tuman aholisining ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti, ichki yo‘llarni ta’mirlash, kadastr, bandlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tibbiy xizmat va uy-joy bilan bog‘liq 50 ga yaqin masalasi eshitilib, muammolarni ijobiy hal etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, Ukrach mahallasida yashovchi J.Jabborov mahallada elektr ta’minotini yaxshilash uchun 1 kilometr masofaga SIP kabel tortish yuzasidan murojaat qildi. Masala tuman hokimligi tomonidan ijobiy hal etilishi belgilanib, elektr tarmoqlari korxonasiga topshiriq berildi. Tez kunlarda bu vazifa amalga oshiriladigan bo‘ldi.
– Mahallamizdagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi quvvati aholi ehtiyojini to‘liq qoplamaydi, – deydi Qo‘shchinor mahallasi faoli Abduhamid Zokirov. – Shu bois qo‘shimcha binolar qurish bo‘yicha taklif berdik. Masala o‘rganib chiqilib, dasturga kiritilishi belgilandi.
Qabul davomida har bir murojaat tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi. Ayrim masalalar yuzasidan fuqarolarga huquqiy tushuntirish berildi.

Shu kabi sayyor qabul Jomboy tumanida ham o‘tkazildi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri