Partiya faoliyati tahlil qilindi
Joylarda partiya tashkilotlari faoliyati qay darajada samarali yo‘lga qo‘yilgan? Aholi bilan muloqot, ijro intizomi va tashkiliy ishlar bugungi talablarga qay darajada javob beradi? Ana shu savollarga javob topish maqsadida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi vazifasini bajaruvchisi Ozoda Parpiboyeva boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyatida bo‘lib, hududiy partiya tashkilotlari faoliyatini joylarga chiqqan holda o‘rgandi.
Ishchi guruh tarkibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Jonibekova hamda partiyaning Sirdaryo viloyati Kengashi mas’ullari ishtirok etishdi.
Dastlab viloyat Kengashi, shuningdek, Sayxunobod va Guliston tuman kengashlarida tashkiliy ishlar, hujjatlar yuritilishi, ijro intizomi, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyati hamda moddiy-texnik baza holati o‘rganildi. Maqsad faqat kamchiliklarni aniqlash emas, balki joylarda to‘plangan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va partiya ishini yanada takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.
Sayxunobod tumanidagi o‘rganishlar davomida ishchi guruh ijtimoiy soha ob’ektlari, tibbiyot muassasalari hamda mahallalarda bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi. Tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limida tashkil etilgan uchrashuvda sohadagi mavjud muammolar, muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va tibbiy xizmat sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Guliston mahallasi "yettiligi" bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda esa mamlakatimizda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar xususida fikr almashildi. Uchrashuvlar davomida aholi tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ishchi guruhning Guliston tumanidagi o‘rganishlari ham amaliy ruhda kechdi. Hududiy kengashlar faoliyati, boshlang‘ich partiya tashkilotlarining ish uslubi, partiya a’zolari bilan ishlash tizimi hamda dasturiy vazifalar ijrosi atroflicha tahlil qilindi.

Guliston tuman tibbiyot birlashmasida shifokor va hamshiralar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, jamoatchilik nazorati va siyosiy-huquqiy targ‘ibot ishlarining ijrosi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mazkur tibbiyot birlashmasida mehnat qilayotgan 1400 nafarga yaqin xodimning qariyb 80 foizi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi a’zolarini tashkil etadi. Bu esa boshlang‘ich partiya tashkilotining jamoadagi o‘rni va mas’uliyatini yanada oshiradi.
Shuningdek, ishchi guruh Dehqonobod shaharchasidagi 9-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayoni uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Xalq deputatlari Guliston tuman Kengashi kotibiyati a’zolari bilan o‘tkazilgan muloqotlarda esa mahalliy Kengashlar va partiya tashkilotlari hamkorligini yanada kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
O‘rganishlar yakunida hududiy kengashlar va boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, ijro intizomini mustahkamlash, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini joylarda izchil amalga oshirish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri