Parlament va Xalq diplomatiyasi markazi hamkorligidagi yoshlar muloqoti
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv “Yoshlar kuni” munosabati bilan hamda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida tashkil etildi.
Tadbir Qonunchilik palatasi va Markaz o‘rtasida shakllangan hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘lib, yoshlarni parlament faoliyati, qonun ijodkorligi jarayonlari hamda qo‘mita ishining asosiy yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishtirishga qaratildi.

Tadbirda hamkor oliy ta’lim muassasalarining “xalqaro munosabatlar” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari, Xalq diplomatiyasi markazi huzurida faoliyat yuritayotgan “Xalq diplomatlari” klubi a’zolari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga Qonunchilik palatasi, uning qo‘mitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalari faoliyati, qonun loyihalarini ishlab chiqish, muhokama qilish va qabul qilish tartibi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shu bilan birga, qo‘mitaning xalqaro aloqalar, parlamentlararo hamkorlik, mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha faoliyati xususida ham tushuntirishlar berildi.

Bu kabi uchrashuv va muloqotlar yoshlarning parlament faoliyatiga qiziqishini oshirib, ularning siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlashga, xalqaro munosabatlar sohasidagi amaliy tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA