Parkent ko‘k somsasini yeganmisiz? (+video)
Har yili insonlar qishning ayozli kunlarini ortda qoldirar ekan, bahorga yetkazganiga shukur qilib, ko‘ngilga yaxshi niyatlar bilan bahorni qarshi oladi. Bahor odamlarda horg‘inlik, lanjlik kayfiyatini uyg‘otadi. Bunga keksalar ilik uzildi, deb ta’rif bergan. Ayni shunday damlarda ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, sumalak kabi bahoriy taomlar kishi tanasiga quvvat bag‘ishlashi ham tabobatda isbotlangan.
Ayniqsa, bu borada Parkent ko‘k somsasining o‘rni bo‘lak. Ayni damlarda Toshkent viloyatining tog‘li manzillariga yo‘lingiz tushsa ko‘k somsalarga chorlovlarni ko‘rasiz. Katta yo‘l chetidagi aravalarga o‘rnatilgan tandirlar esa barchaning e’tiborini tortadi. Biroq asl ko‘k somsaning manzili Parkent tumanidir. Oxirgi yillar hududning o‘ziga xos brendiga aylangan somsaga qiziquvchilar ko‘paydi. Sayyohlar hudud tabiatidan bahra olish bilan birga, yo‘l-yo‘lakay tandirdan uzilgan, qip-qizil bo‘lib pishgan somsalardan yeyishga oshiqadi.
Biz ham xalq orasida dovrug‘i yetti iqlimga taralgan ko‘k somsalarning bu qadar ommalashganini bilish maqsadida Parkent tumanidagi Co‘qoq qishlog‘ining go‘zal tabiatga boy bo‘lgan Chashma mahallasida bo‘ldik. Toshkent viloyati turizm boshqarmasi tomonidan hozir bu manzilga “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgan.
Uning 2,5 ming yillik tarixi bor bo‘lib, dengiz sathidan 1 ming 300 metr balandlikda joylashgan. Atrofida yuz yillik daraxtlari bor o‘rmon, “Saksar” tepaligi mavjud. Hududda tashkil etilgan ko‘plab oilaviy mehmon uylari, choyxona va ovqatlanish nuqtalari yil davomida sayyohlarga xizmat ko‘rsatib keladi.
– Qishlog‘imizda 3 ming nafardan ziyod aholi bo‘lib, 451 ta xonadon bor, – deydi Chashma mahallasi yoshlar yetakchisi Ozoda Qobilova. – Odamlarimiz mehnatkash. Bog‘dorchilik, tomorqachilik, asalarichilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Oxirgi yillarda esa sayyohlarga xizmat ko‘rsatish ham ancha ommalashdi. Shu tufayli o‘zini o‘zi band qilgan oilalar ko‘paydi. Ularning daromadi ham oshdi. Ko‘k somsa, patir non har bir xonadonda tayyorlanadi.
[gallery-16853]
Hozir bor sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalanib, oilaviy tadbirkorlik qilayotganlar juda ko‘p. Muhimi, ular boqimandalik qilmaydi, doim harakatda. Ovqatlanish nuqtalaridan birida qo‘li-qo‘liga tegmay tandirda somsa yopayotgan Nargiza Alimova e’tiborimiz tortdi.
– Ro‘za kunlari iftorlik uchun keluvchilar soni har galgidan ko‘p. Bu yerdagi sharqiroq soy bo‘ylarida mehmonlar gavjum, – deydi N.Alimova. – Ularning talabiga qarab kuniga 200-300 dona ko‘k somsa tayyorlaymiz. Biroq hali mador somsa tayyorlashning mavsumi boshlangani yo‘q. U o‘simlik tog‘dagi qorning tagida unadi. Mavsum boshlanguniga qadar ismaloq, yalpiz kabi vitaminga boy ko‘katlardan foydalanib xaridorlarga tortiq qilmoqdamiz. Buning ham o‘ziga yarasha gashti bor. Parkent ko‘k somsasining dovrug‘ini eshitib undan tatib ko‘rishga oshiqqan xorijlik sayyohlar oqimi ham ancha ko‘paydi. Mehmonlar somsaning tayyorlanish jarayonlari bilan qiziqib, tandirdan uzilguncha hayrat bilan kuzatib turishlarini ko‘rib quvonamiz.
Muhimi, taom tayyorlash uchun ishlatiladigan mahsulotlar shu mahallada bor, ko‘katlar esa aholi tomorqalaridagi issiqxonalarda yetishtiriladi. Masalan, oilaviy tadbirkor Abdurahmon Qobilov 3 sotixli tomorqasida 2-yildan beri turli sabzavot va ko‘katlar parvarishlaydi. Yetishtirilgan mahsulotlar esa mahalladagi choyxonalarga buyurtma asosida tarqatiladi. Bundan topayotgan daromadi ham ancha yaxshi.
Umuman olganda yil bo‘yi tabiat ne’matlaridan unumli foydalanib, hudud rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgan Parkentning olis mahallasida aholining rizq yo‘llari shu zaylda tutashgan. Agar shu tomonlarga borsangiz o‘zingiz ham guvoh bo‘lasiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xoM2r808T4w" title="Parkent koʻk somsasini yeganmisiz?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A. Musayev, D. Ernazarov, (surat), O‘zA.