Parhez mahsulot mo‘l bo‘ladi
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan baliqchilikni rivojlantirish, xususan, baliqchilik xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangilarini tashkil etish, buning uchun yer maydonlari ajratish, kafolatli suv hamda zarur texnik jihozlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan baliqchilikni rivojlantirish, xususan, baliqchilik xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangilarini tashkil etish, buning uchun yer maydonlari ajratish, kafolatli suv hamda zarur texnik jihozlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi “Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida Qashqadaryo viloyatida ham baliqchilik tarmog‘i rivojlanib, ixtisoslashgan xo‘jalik va korxonalar soni, ularda yetishtirilayotgan mahsulot hajmi ortmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 34 yangi baliqchilik xo‘jaligi tashkil etilib, ularning soni 218 taga yetgani buning yaqqol tasdig‘idir.
G‘uzor tumanida faoliyat yuritayotgan 14 baliqchilik xo‘jaligining 2 tasi joriy yil boshida tashkil etilgan. G‘uzor daryosi, Pachkamar, Qamashi, Chimqo‘rg‘on suv havzalarida esa sadok usulida baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Ov mavsumi boshlangandan buyon mazkur havzalardan 40 tonnaga yaqin baliq ovlandi. Shuningdek, Qorasuv daryosidagi ko‘l hamda Tayoqli kanalidagi umumiy maydoni 4,5 gektarni tashkil etadigan tabiiy va sun’iy havzalarda shu kunga qadar 500 tonnadan ziyod baliq yetishtirildi.
– Baliqning xosiyati ko‘p, – deydi G‘uzor tumanidagi “Namunabaliqchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Azamat Sharipov. – Mutaxassislarning ta’kidlashicha, haftada bir marta baliq iste’mol qilgan kishi yuragidan, ko‘zidan shikoyat qilmaydi. Qolaversa, baliqchilik serdaromad soha. Xo‘jaligimizda bu borada katta tajriba to‘plangan. Tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, 650 gektar suv havzasida baliqchilik xo‘jaligini tashkil qilgan edik. Ayni paytda do‘ngpeshona, karp, oq amur baliqlari yetishtirilmoqda. Yil boshida havzaga tashlagan chavoqlar hozir 1,5 kilogrammlik baliqqa aylandi. Baliq shartnoma asosida joylarga yetkazib berilmoqda. Xo‘jaligimizda 30 ga yaqin yosh doimiy ish bilan ta’minlangan.
Viloyatda mazkur sohani rivojlantirish uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan. Unda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi baliqchilikni rivojlantirish, eng muhimi, viloyat bozorlarida g‘oyat foydali va parhez mahsulot – baliq serobligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Baliq yetishtirishning uzluksizligini ta’minlash maqsadida 1-noyabrga qadar tabiiy va sun’iy suv havzalariga qariyb 4 millionga yaqin baliq chavoqlari tashlandi. Mahsulotni aholiga tez va sifatli yetkazib berish maqsadida viloyat bo‘yicha baliq sotishga mo‘ljallangan 24 savdo do‘koni faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Dasturga muvofiq, baliqchilik subyektlarida ishni samarali yo‘lga qo‘yish, ularga qulay sharoit yaratish maqsadida Qarshi va Nishon tumanlarida jami 100 gektar maydondagi sun’iy hovuzlar tubini chuqurlashtirish ishlari olib borildi, 30 kilometrlik masofadagi drenaj va kollektorlar tozalandi.