Paralimpiyachilarimizda yana uch medal
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tayotgan XV Paralimpiya o‘yinlarining ikkinchi kunida sportchilarimiz 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tayotgan XV Paralimpiya o‘yinlarining ikkinchi kunida sportchilarimiz 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi.Paralimpiya o‘yinlarining dzyudo bo‘yicha vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarda Feruz Saidov kubalik Xerardo Rodriges ustidan zafar quchib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Dzyudo bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida 63 kilogramm vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Tursunposhsha Nurmetova shvetsiyalik Nikolina Pernxaymni mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Shuningdek, o‘n metrdan pistoletda o‘q otish bahslarida ishtirok etgan Server Ibragimov 172.1 ochko to‘plab, terma jamoamizga yana bir bronza medalini keltirdi.
Paralimpiya o‘yinlarining ikkinchi kun yakuniga ko‘ra O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobida 3 oltin, 2 kumush va 6 bronza medal bor.
10-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan bahslarda dzyudo bo‘yicha Shuhrat Boboyev, Shirin Sharipov, Odil Tulendiboyev, Gulruh Rahimova, Hayitjon Alimov, yengil atletika bo‘yicha Miran Saxatov, Doniyor Soliyev, suzish bo‘yicha Firdavs Musabekov, Dmitriy Xorlin, Fotimaxon Omilova, Shohsanam Toshpo‘latova ishtirok etadi.